Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning oʻzi

0
79
marta koʻrilgan.

31 avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yigʻildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Ajdodlar haqiga Qurʼon tilovat qilindi. Elga osh tortildi.

Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang oʻtishi, millat oydinlari yodga olinishidan koʻngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar oʻtsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot boʻldi.

– Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom koʻrsatish biz uchun ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois dunyodan oʻtgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Maʼrifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar oʻtkazilmoqda.  Mana, soʻnggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi. 

Oʻtgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatagʻon qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. 

Shu asosida joriy yil 19 iyul kuni “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:

– Shu paytgacha qatagʻon qurbonlarining toʻliq roʻyxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu roʻyxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatagʻon qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatagʻon qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini oʻrganish va tadqiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini koʻp jildlik “Qatagʻon qurbonlari” kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qoʻyamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto oʻzimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha maʼlumotlarni ham toʻliq oʻrganganimiz yoʻq. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz.

Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar oʻzbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm oʻqilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada oʻqib kelgan ilgʻor mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari boʻlgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.

— Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qaygʻuli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda oʻtkazishimiz kerak, – deya taʼkidladi Prezident.

Qarorga koʻra, mazkur haftalik davomida aholi oʻrtasida uchrashuvlar, turli koʻrgazma va tanlovlar, shu mavzudagi kino namoyishlari oʻtkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa masʼul shaxslar qatagʻon qurbonlari yashab oʻtgan xonadonlarga kirib, ularning avlodlaridan xabar oladi.

Fidoyi ajdodlarimiz tugʻilib oʻsgan, yashagan xonadonlarga esdalik lavhalari oʻrnatiladi. Ular yashagan mahallalar va maktablarda Xotira burchaklari tashkil etiladi. 

Shu tariqa odamlar qatagʻonga uchragan mahalladoshlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishadi. Mustaqillik qanday ogʻir yoʻqotishlar evaziga qoʻlga kiritilgan buyuk neʼmat ekanini anglab yetadi. Xalqimiz qanday mashʼum kunlarni boshdan kechirganini tushunadi. Fidoyi ajdodlarimiz eng ogʻir paytlarda ham vijdonini, milliy oʻzligini saqlab qolganini yurakdan his qiladi.

Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Toshkentdagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinishi bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham shunday muzeylarni tashkil etildi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qarshi, Fargʻona viloyatlaridagi muzeylar eʼtiborga molik. 

Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini taʼkidladi.

– Toʻgʻri, keyingi vaqtlarda bu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga koʻtarildi. Koʻp nomaʼlum nomlar aniqlandi. Kitoblar, kinolar chiqarildi. Lekin buyam kam. Bu borada ham mahallabay izlanish olib borish, bunga barcha ziyolilar, nuroniylar, huquq himoyachilari hissa qoʻshishi maqsadga muvofiq. Bu qadriyatga, umummilliy harakatga aylanishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Tadqiqotchilarni moddiy ragʻbatlantirish, arxiv maʼlumotlarini ochiqlash, tarixni yoshlarga toʻgʻri yetkazish muhimligi qayd etildi.

– Biz nima uchun Imom Buxoriy muzeyini tashkil qilayapmiz? Nima uchun tarixiy kinolar ishlatayapmiz? Chunki eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning oʻzi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, oʻzimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, oʻz tanlagan yoʻlimizdan qatʼiy bora olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Dunyoda xavf-xatarlar kuchayib, milliy oʻzlik, ezgulik, qadriyat kabi tushunchalar zavolga yuz tutayotgani yodga olinar ekan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri yaqqol namoyon boʻladi.

– Mustaqillik – Alloh taoloning el-yurtimizga eng katta marhamati, neʼmati. Har bir kun, har bir yilning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerak. Ajdodlarimizni eʼzozlash, xalqni rozi qilish boʻyicha savob ishlarni koʻp qilsak, Xudo doimo yoʻlimizni ochib beradi, – dedi Prezident.

Vatan manfaati yoʻlida fido boʻlganlarning oxiratlari obod boʻlsin, tinch-osoyishta yurtimizni Parvardigor oʻz panohida asrasin, deya duolar qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.