Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasidagi loyihalar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
2009 yilda tashkil etilgan ushbu erkin iqtisodiy hudud bosqichma-bosqich rivojlanib kelmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 5 iyundagi qaroriga muvofiq, uning faoliyati, imkoniyatlari kengaytirilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 13 mart kuni hududga tashrifi chogʻida butun Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zonaga aylantirish tashabbusini ilgari surgandi. Keyinchalik, 15 mayda tegishli farmon qabul qilinib, Navoiy viloyati 2030 yil 1 yanvargacha innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilandi hamda viloyat hududida shunday loyihalarni amalga oshirayotgan korxonalarga “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomi beriladigan boʻldi.
Joriy yilning oʻzida mazkur iqtisodiy zona rezidentlari 27 taga koʻpaydi va jami 66 taga yetdi. Loyihalarning umumiy qiymati 437 million dollardan oshadi. Yana koʻplab proyektlar ustida ish olib borilmoqda.
Iqtisodiy zonadagi subyektlardan biri – «National plast» masʼuliyati cheklangan jamiyati. Umumiy qiymati qariyb 16 million dollar boʻlgan ushbu korxonada polivinilxloriddan profillar ishlab chiqariladi. Joriy yilda 10 ming tonnadan ziyod mahsulot tayyorlangan.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonaning ish jarayoni, mahsulotlari sifatini koʻzdan kechirdi. Import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirib, aholini arzon va sifatli qurilish materiallari bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimizga korxonaning ikkinchi bosqichi haqida maʼlumot berildi. 2020 yil uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan ushbu loyiha natijasida 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish, 10 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev EIZdagi «Green Line Profil» masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdi.
Umumiy qiymati qariyb 40 million dollar boʻlgan mazkur korxona 2018 yilda ishga tushirilgan. 650 ta ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilda 18,6 ming tonna mahsulot tayyorlanib, 10 million dollarlik eksport qilingan. Kelgusi yili ishlab chiqarish hajmini 22 ming tonnadan oshirib, eksport miqdorini 14 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi, ularning sifati va eksport geografiyasi bilan qiziqdi.
– Bugungi kundagi eng muhim vazifa – qoʻshimcha qiymat va ish oʻrinlari, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Har bir sanoat korxonasi zamonaviy texnologiyalar va aql bilan qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishi kerak. Tashqi bozorni oʻrganib, tannarxni tushirish evaziga eksportni oshirishga intilishi zarur.