Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 28 sentyabr kuni Fargʻona viloyati saylovchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirni nomzodning Fargʻona viloyati boʻyicha ishonchli vakili E.Siddiqova ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid oʻnta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan.
Dasturda barcha hududlar qatori Fargʻona viloyatini jadal rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash boʻyicha ham rejalar begilangan.
Xususan, kelgusi besh yilda Fargʻona viloyatida elektr, suv, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilashga 10 trillion soʻm yoʻnaltirish moʻljallangan. Shu davrda 30 ming kvartirali 700 ta koʻp qavatli uy, yangi yoʻllar, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurish rejalashtirilgan.
Maʼruzada ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish maqsadida 22 ta yangi oilaviy shifokorlik punkti va 10 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi hamda zamonaviy jihozlanadi. 120 oʻringa ega boʻlgan Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi, Hindiston bilan hamkorlikda Endokrinologiya markazi tashkil etiladi.
Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 90 foizga yetkaziladi. Oʻrta taʼlim maktablarining quvvati 100 ming oʻringa oshiriladi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan birga 4 ta yangi oliygoh tashkil etiladi.
Ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish maqsadida kelgusi besh yilda viloyatda 420 mingdan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etish maqsad qilib qoʻyilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik, xizmatlar va hunarmandchilikni rivojlantirish orqali 120 ming, qishloq xoʻjaligi sohasida 140 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda.
Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 11 mingdan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Sanoat yoʻnalishidagi loyihalar hisobiga 115 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Sanoati past rivojlangan Yozyovon, Soʻx, Furqat tumanlarida texnoparklar tashkil etilib, 300 ta sanoat loyihalari joylashtiriladi.
Viloyatda eksportni 3 barobarga oshirib, 2 milliard dollarga, shundan sanoat mahsulotlari eksportini 1,6 milliard dollarga yetkazish mumkinligi taʼkidlandi. Eksport tarkibida qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushi hozirgi 45 foizdan 77 foizga yetkaziladi.
– Fargʻonani “oltin vodiy” deganimizda asosan uning goʻzal tabiatini, saxovatli zaminini tasavvur qilamiz. Lekin oʻylaymanki, bu diyorda yashayotgan odamlarning qadr-qimmati, izzat-hurmatini joyiga qoʻysak, ularning hayotini har tomonlama obod va farovon qilishga erisha olsak, shundagina bu chiroyli taʼrifga munosib ish qilgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.