Shavkat Mirziyoyev: Geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur

0
208
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi yillarda geologiya sohasiga katta mablagʻlar ajratilib, eng ilgʻor texnologiyalar olib kelindi. Yerosti boyliklarning zaxirasi ham, prognoz resurslari ham koʻpaydi. Ularni qazib, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun malakali kadrlar ham zarur.

Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtgan yili Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil etilgan edi. Tashrif chogʻida davlatimiz rahbari yangi universitetda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

— Geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur. Oxirgi yillarda ilmiy maktablarni tiklab, kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratayapmiz, eng ilgʻor ilmiy metodikalarni joriy etib, laboratoriya uskunalarini oʻrnatib, zamonaviy sharoitlar yaratayapmiz. Endi natijaga ishlash kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda universitetda bakalavriat boʻyicha 7 ta va magistratura boʻyicha 6 ta yoʻnalishdi umumiy 700 nafardan oshiq talaba tahsil olmoqda. Bu yoʻnalish va mutaxassisliklarni soha ehtiyojiga qarab kengaytirish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, 5 yillik tajribaga ega, geologiya sohasida ishlab kelayotgan xodimlar uchun taʼlimning sirtqi shakli tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, professor va oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi.

Loyihaning birinchi bosqichida oʻquv binosi, yotoqxona hamda 2 ta ilmiy institut, kutubxona, laboratoriya va geologiya muzeyi binolari qurildi.

Ikkinchi bosqichda 7 qavatli laboratoriya, 5 qavatli Davlat geologiya qoʻmitasi maʼmuriy binosi, 7 qavatli geologiya fondi va Oʻzbek geologiya qidiruv binosi hamda sport kompleksi quriladi.

 Prezidentimiz qurilishni sifatli yakunlash yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi.

Universitet tarkibida H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi hamda Davlat geologiya muzeyi faoliyat yuritadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.