Shavkat Mirziyoyev: Hamma harakatlarimiz tagida inson qadrini ulugʻlash maqsadi bor

0
129
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi 59 maktab-internatni borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu muassasa 1974 yilda qurilgan, 2009 yilda kapital taʼmirlangan. Oʻquv binolari, yotoqxona va oshxonada zarur sharoitlar yaratilgan. Hozirgi kunda muassasada 259 nafar koʻzi ojiz bolalar bilim olmoqda. 

Maktabda fanlar va musiqa toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilgan. Koʻplab oʻquvchilar sanʼat va sport yoʻnalishlarida xalqaro miqyosda muvaffaqiyatlarga erishgan. Oʻtgan yili maktab-internatni tamomlagan 19 nafar yoshdan 9 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan.

Davlatimiz rahbari oʻquvchi va oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Ular 2003 yilda, Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi boʻlgan paytda ham bu yerga kelganini yodga olishdi. Maktabdagi sharoitlar, oʻqishga kirishdagi imtiyozlar uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi.

— Hamma harakatlarimiz tagida inson qadrini ulugʻlash maqsadi bor. Bugun bu yerga sizlarning xohish-istaklaringiz, muammolaringizni bilish uchun keldim. Maqsadimiz — yaxshi oʻqib, ishlab, jamiyatda oʻrin topishingiz uchun sharoit yaratish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻqituvchilar brayl alifbosidagi yangi darsliklar, ayniqsa, chet tili boʻyicha kitoblar, kompyuter klaviaturalari yetishmayotganini aytdi. Imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash malakasiga ega pedagoglar ham kam.

Prezidentimiz bularning hammasini inobatga olib, koʻzi ojiz insonlar uchun imkoniyatlar kengaytirilishini taʼkidladi.

— Shunday qaror qabul qilamizki, avvalo maktablarning oʻzida oʻquvchilar kasbga oʻrgatiladi. Har bir oliygohda, tashkilotda koʻzi ojiz insonlar uchun alohida oʻrinlar boʻladi. Bu sohadagi eng katta qiyinchiliklardan biri — maktabgacha taʼlim. Shuning uchun har bir maktab-internat yonida bogʻcha ham qurish kerak, — dedi davlat rahbari.

Bu borada hujjat loyihasini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.