Shavkat Mirziyoyev: Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz

0
156
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022-2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Bugun 35 milliondan ziyod koʻpmillatli xalqimiz rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulugʻ maqsadlar bilan yashamoqda. Shundan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilgi Prezident saylovida “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan gʻoyalarni ilgari surgan edi. Ularni hayotga tatbiq etish maqsadida, aholining fikr va takliflari asosida 2022-2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va oʻrta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday boʻlishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Joriy yilgi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” boʻyicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan toʻldirilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimizga bunday faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

– Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma boʻlgan mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi boʻgʻiniǵa aylantirish vazifasini oʻz oldimizga qoʻymoqdamiz. Mahalla tinch boʻlsa, yurt tinch boʻladi. Mahalla obod boʻlsa, butun mamlakat obod boʻladi, – dedi Prezident.

Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yoʻnalish va 100 ta maqsaddan iborat. Bular:

I. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

II. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

III. Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash;

IV. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

V. Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

VI. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

VII. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari barcha saʼy-harakatlar va mablagʻlar har bir mahallaga aniq yetib borishi, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.

 Prezidentimiz 7 ta ustuvor yoʻnalishning har biriga alohida toʻxtalib, eng muhim jihatlarini aytib oʻtdi.

Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish, hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. 

Xotin-qizlarning oʻqishi va ishlashi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish orqali ular orasidagi ishsizlikni 2 baravarga qisqartirish mumkinligi aytildi.

Ikkinchi yoʻnalish haqida soʻz borar ekan, “qonun ustuvorligi indeksi” yuqori darajada boʻlgan davlatlar qatoridan joy olish eng asosiy vazifalardan ekani taʼkidlandi. Shu maqsadda mulk huquqini ishonchli himoya qilish, maʼmuriy sudlar vakolatlarini kengaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini kafolatli taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratiladi.

Yoʻllarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va oʻlim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarish toʻliq raqamlashtiriladi, haydovchilik guvohnomasiga oʻqitish kuchaytiriladi.

Davlatimiz rahbari milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish yoʻnalishining ahamiyatiga atroflicha toʻxtaldi.

– Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash eng muhim vazifa, kerak boʻlsa, masalalarning masalasi boʻlib turibdi. Faqat barqaror iqtisodiyotgina ijtimoiy muammolarni hal etish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois strategiyada iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish oʻrinlari yaratish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar koʻpaytirish va kambagʻallik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilgan.

Ilm-fan va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravar oshirib, agrar tarmoqda yillik oʻsishni kamida 5 foizga yetkazish imkoniyati bor.

Shuningdek, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish moʻljallangan.

– Eng qiyini, bu ulkan vazifalarni hamon davom etayotgan pandemiya va global inqiroz sharoitida amalga oshirishga toʻgʻri keladi. Bu bizdan katta kuch va mablagʻ, mustahkam iroda va qatʼiy intizomni, barcha imkoniyatlarni toʻla safarbar qilishni talab etadi, – dedi davlat rahbari.

Ijtimoiy yoʻnalishdagi asosiy vazifalar ham koʻrsatib oʻtildi. Xususan, kelgusi besh yilda maktablarda qoʻshimcha 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratiladi hamda darsliklar yangilanadi. Davlat va xususiy bogʻchalarni koʻpaytirish orqali maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizga yetkaziladi.

Oliy oʻquv yurtlarining nufuzli xalqaro reytinglarga kirishi, xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar turar joyi barpo etilishi ham muhim vazifalardan. 

Shuningdek, birlamchi tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy qilish zarurligi taʼkidlandi. Dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar 3 baravar oshirilishi belgilandi.

Maʼnaviyat sohasiga oid chora-tadbirlar muhokama qilinar ekan, 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida birgalikda kurashish muhimligi qayd etildi. 

Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish, fuqarolarni xorijiy tillar va kasbga oʻrgatish, xorijdagi vatandoshlar bilan muloqotni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim yoʻnalish – Vatanimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan.

Shu maqsadda Yangi Oʻzbekiston xavfsizligi konsepsiyasi qabul qilinadi. Axborot texnologiyalari bilan bogʻliq xurujlarning oldini olish va kiberxavfsizlikni taʼminlash tizimi yaratiladi. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimi takomillashtiriladi. Ichki va tashqi moliyaviy oqimlarni monitoring qilish va bu bilan bogʻliq xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi.

Prezidentimiz taraqqiyot strategiyasi va yigʻilishdagi topshiriqlarga doir hujjatlarni puxta ishlab chiqish, ularning ijrosi haqida keng jamoatchilikka hisobot berib borish talabini qoʻydi. 

– Hamma oʻzgarishlarni, dasturlarning amaldagi ijrosini odamlar kundalik hayotida har kuni sezishi kerak. Mana shu asosiy maqsad, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga Taraqqiyot strategiyasi va joriy yilgi Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Hokimliklarga hududiy dasturlarni ushbu hujjatlar bilan uygʻunlashtirib, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

– Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz. Hammamiz bir kuch, bir qudrat boʻlib xalqimizga xizmat qilishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.