Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Marhamat tumanidagi shaxmat maktabi va kutubxonada boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimiz oldindan salohiyatli shaxmat maktabiga ega. Bugun ham bolalar oʻrtasida «aql gimnastikasi»ga qiziqish katta. Ularning bu ishtiyoqini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida Marhamat tumanida ham majmua bunyod etildi. Erkin Vohidov nomidagi ushbu maktabda oʻquvchilar darsdan boʻsh vaqtlarida aql mashqidan saboq oladi. Ularning mahoratni oshirish uchun tajribali murabbiylar jalb qilingan. Oʻquv-mashgʻulot xonalari va musobaqa zali mavjud. Kompyuterlashgan ilgʻor dasturlar yoshlarga manzur boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda saboq olayotgan oʻgʻil-qizlarning intilishlarini qoʻllab-quvvatlab, ezgu tilaklar bildirdi. Bu muassasani boshqa shaxmat maktablari bilan bogʻlab, tajriba almashib borish muhimligini taʼkidladi.
Ushbu maktabga tutash Yoshlar kutubxonasi ham qurilgan. U keng va shinam, bir vaqtda 150 dan ortiq kitobxon mutolaa qilishi mumkin. Kutubxona 30 ming nusxadan ziyod adabiyotga ega, qator axborot markazlari tarmogʻiga ulangan. Shular bois yoshlarning sevimli maskaniga, intellektual oʻyinlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari oʻtkaziladigan qaynoq dargohga aylangan.
Prezident shu yerda andijonlik yoshlar bilan muloqot qildi.
— Biz iqtisodiyotimizni rivojlantirib, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, ish joylarini koʻpaytirishga harakat qilayapmiz. Andijonda ham katta rejalarimiz bor. Bunda avvalo sizlarga tayanamiz. Har bir bilimli yosh — vatan himoyachisi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taʼlim tizimidagi yangiliklar, yosh avlodga yaratilayotgan sharoitlar, ilmiy-ijtimoiy loyihalar haqida soʻz bordi. Prezident yoshlar bilan yangi tashabbuslar yuzasidan fikrlashdi. Shuningdek, ularning takliflarini qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.