Shavkat Mirziyoyev: Har bir mahallaning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi boʻlishi kerak

0
102
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni yoshlar, sport, sogʻliqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

28 yanvar kuni maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida sportni ommalashtirish boʻyicha qator koʻrsatmalar bergan edi. Taqdimotdagi loyihalar shuning mantiqiy davomi boʻldi.

Mutasaddilar avvalgi topshiriqlarga muvofiq, bu borada mahalla va maktablardagi sharoitlar oʻrganilgani haqida axborot berdi. Qayd etilganidek, yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalladan 763 tasida sport obyekti, 6 mingdan ortigʻida kutubxona yoʻq. Shuningdek, 10 ming 130 ta maktabdan 2 mingdan ziyodida sport zali, 22 tasida kutubxona majud emas.

Bu joylarda sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish boʻyicha 3 xil tipdagi loyiha taklifi ishlab chiqilgan. Birinchisida kitob jovonlari va sport qurilmalari oʻrnatish, ikkinchisida ochiq sport maydonlari hamda uchinchisida yopiq inshootlar barpo etish nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarni maʼqullamay, qayta koʻrib chiqish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

– Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima oʻynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni oʻylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sunʼiy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa oʻzimizda ishlab chiqarilayapti.

Ikkinchidan, shu joylarda kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom qursa boʻladi. Kelgusida shifokor punktlarini ham joylashtirish mumkin. Umuman, bu orqali ham xizmatlar rivojlanadi, ham odamlar rozi boʻladi. Har bir mahallaning mana shunday iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi boʻlishi kerak, u yerda hayot qaynashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, loyihani takomillashtirish, mahalla markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyoz beriladi va evaziga ijtimoiy masʼuliyat yuklanadi. Kunning maʼlum soatlari mahalla yoshlari uchun tekinga ajratiladi. Egasi boʻlgani uchun tadbirkor ham daromad topadi, majmua ham qarovsiz qolmaydi.

Taqdimotda maktablar qamrovini oshirishga oid loyihalar koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, kelgusi besh yilda yurtimizda 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni tashkil etish zarur. Shu bois davlatimiz rahbari yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shunga asosan, 330, 660, 990, 1320 va 1650 oʻrinli maktablar loyihasi tayyorlangan. Bunda qoʻshimcha bino, koʻp funksiyali zal, sanitariya-gigiyena xonalari qurish, zamonaviy laboratoriya, interaktiv doska, qulay oʻrindiqlar bilan jihozlash kabi barcha jihatlarga eʼtibor qaratilgan.

Davlatimiz rahbari mutaxassislar bilan har bir maktabning asosi va devori holatini oʻrganib chiqish zarurligini taʼkidladi.

– Buni nima uchun aytayapman? Iloji boricha, hozirgi maktablarning oʻzini kengaytirish kerak. Chunki bolalar ham, oʻqituvchilar ham oʻsha joyga oʻrgangan. Mahallaning oʻrtasida boshqa boʻsh yer yoʻq. Chekka joydan qursak, borib-kelishga transport kerak, bolalar qatnashga qiynaladi. Shuning uchun maktablarning oʻziga qoʻshimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiq, – dedi Prezident.

Holatiga qarab, har bir maktabga alohida yondashish, aholi demografiyasini inobatga olib, qayerda necha qavatli bino qurishni hisob-kitob qilish boʻyicha topshiriq berildi.

 Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili onkologiya tibbiyot markazi loyihasi bilan bir necha bor tanishib, qator topshiriqlar bergan edi. Bugun shu boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Markaz binosi 10 qavatli, 650 oʻrinli boʻladi. 16 ta jarrohlik xonasi, 45 bemorga moʻljallangan reanimatsiya xonasi, davolash va tashxis boʻlimlarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, kuniga 100 kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega statsionar faoliyat yuritadi. Bugungi kunda binoning poydevorini tayyorlash boshlangan.

Davlatimiz rahbari markazni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, bunda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish, kadrlar malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Taqdimotda elektr energiyasi quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Maʼlumki, shu yil 25 yanvar kuni mintaqamiz elektr taʼminotida texnik uzilish sodir boʻldi. Bu barcha elektr stansiyalarga taʼsir qilib, favqulodda vaziyat yuzaga keldi.

Bunga bir qancha sabablar bor. Jumladan, yagona energetika tizimi 220-500 kilovoltli magistral elektr tarmoqlar orqali toʻliq halqalashtirilmagan. Shimoli-Gʻarbiy va Janubi-Gʻarbiy energouzelning asosiy qismida 500 kilovoltli tarmoqlar yoʻq. Baʼzi magistral tarmoqlar qoʻshni davlatlar hududi orqali oʻtgan.

Shu bois, mamlakatimizda 500-750 kilovoltli tarmoqlarni qurish orqali yagona halqa tizimini hosil qilish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2026 yilga borib, jami generatsiya quvvatlarini 27 ming 400 megavattga, yillik ishlab chiqarish hajmini 110 milliard kilovatt soatga yetkazish moʻljallangan. Shunda yurtimizning barcha hududlari 500-750 kilovoltli tarmoqlar orqali mustahkam bogʻlanadi va bir butun tizim yaratiladi.

Prezidentimiz elektr energiyasi tizimini isloh qilish, qoʻshni davlatlar bilan sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. Elektr energiyasi quvvatlarini oshirish hamda uni yetkazib berishni avtomatlashtirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlashga koʻrsatma berildi. Bundan asosiy maqsad elektr energiyasi tizimini barqaror qilib, xavfsizligini mustahkamlash, xalqimizni bu muhim manba bilan uzluksiz taʼminlashdir.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.