Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va koʻp qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, har ikkala mamlakatning taraqqiyot erishish yoʻlidagi islohotlari ham bir-biriga hamohang va oʻxshash ekanini taʼkidladi.
– Dunyoda yuksak nufuzga ega Pokiston Oʻzbekiston uchun salohiyatli va istiqbolli hamkordir. Siz bilan biz “Naya Pakiston” va Yangi Oʻzbekistonni qurayapmiz. Ijtimoiy yoʻnaltirilgan islohotlarimizning mazmuni va ruhi bir-biriga oʻxshash va uygʻundir. Sizning ushbu tashrifingiz koʻpqirrali munosabatlarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirish va rivojlantirishda intilishlari qatʼiy ekani va bu borada aniq choralarni koʻrishga tayyorligini qayd etdilar.
Keyingi davrda oʻtgan uchrashuvlar hamda onlayn-sammitdan soʻng oʻzaro munosabatlarda katta siljishga erishildi. Koʻp qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.
Kecha Hukumatlararo koʻshma komissiya yigʻilishi oʻtkazildi. Bugun esa poytaxtimizda birinchi marta Oʻzbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi oʻtkazilyapti.
Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo hajmi toʻrt barobar oʻsdi. Qoʻshma korxonalar soni deyarli yuzdan ortiqqa koʻpaydi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda Oʻzbekiston uchun muhim koʻprik vazifasini oʻtaydi. «Termiz — Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻlining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Joriy yil fevral oyida Toshkentda Afgʻoniston, Pokiston va Oʻzbekiston delegatsiyalari xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirokida ushbu ulkan loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama etib, temir yoʻlni qurish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi – «Yoʻl xaritasi»ni imzolagan edilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta salohiyatga ega ekani, oʻzaro savdo hajmini 4-5 barobar koʻpaytirish uchun sharoit borligini taʼkidladi.
Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik va qurilish, farmatsevtika va kimyo, yengil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiyalarni tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratildi. Ushbu sohalardagi loyihalar yaqin hamkorlikda amalga oshirilsa, Oʻzbekiston va Pokiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Muzokarada bunday loyihalarni har tomonlama ragʻbatlantirish va tez fursatlarda amalga oshirish uchun barcha zarur yordam va imtiyozlarni berishga kelishib olindi.
Hududlararo hamkorlik aloqalari kengayib borayotganini alohida qayd etish lozim. Joriy yil fevral oyida Panjob gubernatori yurtimizga tashrif bilan keldi. Namangan viloyati delegatsiyasi Panjob va Sind provinsiyalarida boʻldi.
Uchrashuvda ikki mamlakat boshqa viloyatlarini ham oʻzaro hamkorlik aloqalari bilan bogʻlash zarurligiga eʼtibor qaratildi. 16 iyundan Toshkent va Lahor oʻrtasida aviaqatnov tiklandi. Yangi havo yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish yuk tashishlarning kengayishi va oʻzaro turizmning rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
Oʻzbekiston va Pokiston Afgʻonistondagi salbiy vaziyatning avj olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni ishga solishga, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini qayta tiklashda koʻmaklashishga tayyorligi qayd etildi.
Xavfsizlik sohasida qoʻshma guruh tuzish, uning ilk majlisini Toshkentda oʻtkazish taklifi bildirildi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, mushtarak maʼnaviy merosimizni birgalikda oʻrganish, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Bu rishtalar bugungi kunda tarixiy ildizlardan kuch olib, yanada rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar, Muhammad Iqbol, Mirzo Gʻolib singari ulugʻ mutafakkir va shoirlarning oʻlmas merosi, maʼrifiy qarashlari xalqlarimizni bogʻlab turadigan mustahkam maʼnaviy koʻprikdir.
Shu sababli Oʻzbekistonda Pokiston tarixi, madaniyati va sanʼatiga, xususan, urdu tilini oʻrganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. Oʻz navbatida, Pokistonda ham oʻzbek tili va adabiyoti, mamlakatimiz tarixini oʻrganish va tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, Panjob universiteti qoshida “Bobur merosi markazi”, Peshovar universitetida oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganish boʻyicha “Alisher Navoiy markazi” ochilgan.
Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda ham Pokistonning boy tarixi va madaniyatiga qiziqish tobora oʻsib bormoqda. Jumladan, Sharqning buyuk shoiri, urdu adabiy tiliga asos solgan ulugʻ mutafakkir Mirzo Gʻolibning hayoti va ijodi chuqur oʻrganilmoqda.
Yurtimizda Lahordagi betakror Shoh qalʼa meʼmoriy majmuasini, goʻzal Shalimar bogʻlarini ziyorat qilishni istaydigan odamlar koʻplab topiladi.
Bugungi kunda Pokistonda 10 millionga yaqin naqshbandiya tariqati vakillari, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning koʻplab muxlislari bor. Ularning Buxoroi sharif, Samarqand va Andijondagi tabarruk qadamjolarga ziyorat safarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.
Ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida Bobur bobomiz haqida film suratga olishga kelishildi. Soʻnggi uch yilda pokistonlik yoshlarning Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishga boʻlgan qiziqishi ham ortib bormoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 750 dan ortiq pokistonlik yoshlar mazkur yoʻnalishda taʼlim olmoqda.
Inson salomatligini asrash yoʻlida tibbiy taʼlim sohasida hamkorlikni kuchaytirish xalqlarimiz manfaatlariga xizmat kilishi tabiiydir.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bunday munosabatlar xalqlarimizning bir-biriga boʻlgan samimiy intilishi, oʻzaro hurmat va eʼtibori ifodasi ekani alohida qayd etildi.