Shavkat Mirziyoyev: Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi birodar xalqlarimizning tub manfaatlariga toʻliq mos keladi

0
36
marta koʻrilgan.

Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga oʻtish ekani taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini roʻyobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar oʻsdi. Qoʻshma korxonalar soni 15 barobar koʻpaydi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan oʻzaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan boʻlib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi oʻzaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qoʻshma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, koʻrgazmalar va yoshlar forumlari muntazam oʻtkazilishi taʼkidlandi. Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni oʻziga qulay boʻlgan vaqtda Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.