Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahrida boʻlib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning Jahon bojxona tashkiloti bilan konstruktiv hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oʻzbekiston 1992 yildan buyon ushbu nufuzli xalqaro tuzilma aʼzosidir. Oʻtgan davrda yurtimiz bojxona organlarining huquqiy bazasini shakllantirish, infratuzilmasini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshma tadbir va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Keyingi yillarda, avvalo, bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, malakali kadrlarni, jumladan, tashkilotning Bryusseldagi bosh qarorgohi negizida tayyorlash kabi yoʻnalishlarda oʻzaro almashinuvlar sezilarli faollashgani kuzatilmoqda.
Uchrashuvda xalqaro standartlarni joriy etish asosida bojxona organlari salohiyatini oshirish, bojxona maskanlarini zamonaviy kompleks va uskunalar bilan jihozlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish, xorijdagi yetakchi markazlarda mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish va tez fursatda qabul qilishga kelishib olindi.
Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning natijadorligini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni yuksak baholadi.
Kunio Mikuriya mamlakatimiz bojxona organlarini isloh qilishni davom ettirishda va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda tashkilot bundan buyon ham koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.