Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi

0
132
marta koʻrilgan.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili B.Uzoqov ochdi.

Shavkat Mirziyoyev soʻzining boshida xalqimizni Oʻzbek tili bayrami kuni bilan muborakbod etdi.

Prezidentlikka nomzod fuqarolarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Unda iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, tibbiyot, hududlar ravnaqi, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalarini rivojlantirish masalalari qamrab olingan.

Dasturda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham rejalar belgilangan. Xususan, kelgusi besh yilda viloyatda jami 12 milliard dollarlik 4 mingdan ziyod katta, oʻrta va kichik investitsiya loyihalarini amalga oshirib, 120 mingta ish oʻrni ochish maqsad qilingan.

Bunda, avvalo, “Jizzaxda ishlab chiqaring” gʻoyasi asosida sanoatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.

Jumladan, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilishi va 800 million dollarlik 90 dan ziyod sanoat loyihalari moʻljallangan. Kichik sanoat zonalarini esa 23 tadan 40 taga yetkazib, ularda 201 million dollarlik 375 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shahar va tumanlarda mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika tarmoqlarida koʻplab korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Bunday ishlar natijasida kelgusi 5 yilda viloyat eksporti hajmini 3 barobardan ziyod oshirib, yillik 620 million dollarga, shundan sanoat mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Nomzod soʻnggi yillarda viloyatda tadbirkorlik ruhi oshgani, bu sohaga imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda 50 mingdan ziyod yoshlar tadbirkorlikka, 28 ming nafari talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻrgatish moʻljallangan.

Qayd etilganidek, viloyat tabiati ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirish uchun qulay. Bu sohada 300 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, 25 ming ish oʻrinlari yaratiladi. Umuman, kichik biznes va xizmatlar sohasida, “mahallabay” ishlash orqali, viloyatda 100 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.

Qishloq xoʻjaligi sohasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Shavkat Mirziyoyev yerdan olinadigan iqtisodiy samarani keskin koʻpaytirish – bu sohadagi islohotlarning asosiy maqsadi boʻlishini taʼkidladi. Buning uchun 100 ming gektar yerda zamonaviy agrotexnologiya va yangi navlarni joriy etish orqali hosildorlik paxtada oʻrtacha 60 sentnergacha, gʻallada esa 90 sentnergacha olib chiqiladi. 42 ta klaster tashkil qilinib, 50 ming gektar maydonda tokzor va intensiv bogʻlar barpo etiladi. 40 million dollar investitsiya hisobiga, Baxmal va Zominda zaʼfaron plantatsiyalari 2 ming gektarga yetkaziladi. Zomin va Zarbdor tumanlarida yirik chorvachilik kompleksi ishga tushiriladi. Parrandachilik, baliqchilik boʻyicha ham koʻplab loyihalar rejalashtirilgan.

Nomzod joylarda turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan taʼminlash, mahallalarni obod qilish borasidagi rejalarini bayon etdi.

Xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 208 ta qishloq va mahalla yaxshilanadi. 875 kilometr ichimlik suvi, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 3 ming kilometrdan ziyod avtomobil yoʻllari va ichki koʻchalar quriladi. Kelgusi besh yilda jami 18 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etilib, ehtiyojmand oilalar subsidiyalar ajratiladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Jizzax viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 45 trillion soʻm yoʻnaltirib, 230 mingga yaqin ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash, taʼlim muassasalarining qamrovi va sifatini oshirish, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga qaratilgan rejalar ham tanishtirildi.

Uchrashuvda partiya aʼzolari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy muloqot boʻldi. Ular viloyatdagi oʻzgarishlarni qayd etib, oʻz fikr va takliflarini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga soʻz berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.