Shavkat Mirziyoyev: Joylardagi ijro hokimiyati rahbarlari bugungi hayot, harakat, shiddatga mos ishlashi kerak

0
122
marta koʻrilgan.

Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida viloyat faollari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari, nuroniylar, yoshlar qatnashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatida katta oʻzgarishlar boʻlayotgani, odamlarning dunyoqarashi oʻsib, faolligi oshganini taʼkidladi.

— Men har doim Samarqandni sogʻinaman. Koʻp joylarda ishladim, lekin bu viloyatda orttirgan tajribam juda koʻp qoʻl keladi. U paytlar qoʻlimiz kalta, imkoniyatimiz cheklangan edi. Shuni eʼtiborga olib, har safar Samarqandga kelganimda oʻzimga savol beraman: hozirgi imkoniyatlarni oʻsha paytda qilish mumkinmidi? Imom Buxoriy bobomizning zamonaviy majmuasini oʻsha paytda qurish mumkinmidi? Yurakda juda katta qiynalishlar bilan, qachon boʻlar ekan, deb armon bilan ishlaganmiz. Hozir zamon oʻzgardi, odamlar endi kechagiday yashashga majbur emas. Eng katta masala – joylardagi ijro hokimiyati rahbarlari bugungi hayot, harakat, shiddatga mos ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endigi masala Samarqandning ertangi kunini yanada yaxshi qilish, yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirish birlamchi vazifa boʻlishi kerakligini qayd etdi.

— 2020 yil ogʻir yil boʻldi, manaman degan davlatlar iqtisodiyoti bu sinovlarni koʻtarolmadi. Bu yil kechagiga nisbatan intilishimiz oʻzgarib, ertangi kun manfaati nuqtai nazaridan harakat tuygʻusi paydo boʻlsa, oldimizga qoʻygan rejalarimizni bajara olamiz. Agar bizga kimdir qilib beradi, degan paysalga solish boʻlsa, bunday xohish bilan hech qachon natijaga erisholmaymiz, – dedi Prezident.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi nishonlanadigan joriy yilda Samarqand viloyatida qanday natijalarga erishish uchun hozirdan marralarni aniq belgilash lozimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari viloyatning foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solish uchun 5 ta drayver sohani koʻrsatib oʻtdi. Bular – sanoat, transport logistikasi, yirik industrial issiqxonalar, xizmat koʻrsatish va turizm. Ushbu sohalarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar aytib oʻtilib, masʼullar belgilandi. 

2021-2022 yillarda Samarqand viloyatida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida qiymati 30 trillion 415 milliard soʻmlik 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani taʼkidlandi. Xususan, 12 trillion soʻmlik 1 ming 184 ta hududiy, 18 trillion soʻmlikdan ziyod 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. 1,8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish oʻrni tashkil etiladi.

Xususan, energetika sohasida 974 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasining 100 million dollar sarmoyasi hisobiga shu yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 Mega-vatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Prezident Urgut tumanini toʻliq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladi.

Qoʻshrabot, Ishtixon va Urgut tumanlarida 8 ming gektarda intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo etib, 4 mingdan ziyod kishini ish bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Chorvachilikda yana 4 ming, pillachilik va  ipak mahsulotlari tayyorlashda 12 ming ish oʻrni yaratish mumkinligi qayd etildi.

Har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni tanqidiy oʻrganish, aholini tadbirkorlikka va oʻzini oʻzi band qilishga jalb etish orqali kambagʻallikni qisqartirish asosiy vazifa boʻlishi taʼkidlandi.

Joriy yilda 915 ta qishloq va mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarilishi, 658 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari taʼmirlanib, 210 ta qishloq va mahalladagi suv taʼminoti yaxshilanishi aytib oʻtildi. Ipoteka dasturi doirasida 3 ming 450 kvartirali koʻp qavatli uylar qurilib, 2 ming 200 ta oilaga subsidiya beriladi.

Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirish, yoshlar bilan tizimli ishlash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.