Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chogʻida muqaddas Makka shahrida ham boʻlib, umra amallarini bajardi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz oʻqidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.
Maʼlumki, Kaʼbatullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulugʻ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar boʻlib, Kaʼbatullohning ichida namoz oʻqidi.
Soʻng, Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita saʼy qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari, ulamo va ziyolilar bilan birgalikda yurtimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga salomatlik va farovonlik tilab duolar oʻqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi bilan — muqaddas Madina shahrida boʻlib turganida musulmon olamining eng muqaddas masjidlaridan biri Masjid-ul-Nabaviy hududidagi Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) dafn etilgan Ravzai Muborakni ziyorat qilgandi.
Prezidentimiz eng oliy martabali mehmonlargagina kirishga ruxsat beriladigan Oisha (r.a.) onamizning Hujrai-Saodatlariga kirib, Oʻzbekiston xalqi nomidan Paygʻambarimizga (s.a.v.) salomlarni yetkazdilar.
Shuningdek, ushbu muborak maskanda dafn etilgan xalifalar Abu Bakr Siddiq (r.a.) hamda Umar ibn Xattob (r.a.) haqqiga duo qildilar.
Yaratgandan Vatanimiz, xalqimiz farovonligini soʻrab duo qildilar. Koʻpning duosi koʻl. Ayniqsa, Allohning nazari tushgan insonlarning. Allohim, solih bandalaringni duolarini ijobat qilgaysan.