Shavkat Mirziyoyev: Kelajakni hisobga olib, hali koʻp joyda koʻpriklar quramiz

0
323
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bogʻlovchi yoʻl va koʻprik loyihasi bilan tanishgan edi. Oʻtgan yili 26 dekabr kuni ushbu yoʻlning muhim qismi boʻlgan Qipchoq koʻchasidagi koʻprik ochildi. Bugungi kunda ushbu koʻprikdan Choʻponota koʻchasigacha yangi yoʻl va yoʻl oʻtkazgichlar barpo etilmoqda.

Kichik halqa yoʻli va Salar kanali ustida qurilayotgan koʻprikning uzunligi 788 metr, chiqish-tushish qismi bilan hisoblaganda 950 metr boʻladi. 

Davlatimiz rahbari ushbu koʻprikni borib koʻrdi.

Oʻziga xos muhandislik yechimiga ega bu inshoot monolit uslubida, beton aralashmasi ichidagi temir toʻqimalarni tarang tortish texnologiyasi asosida bunyod etilmoqda. Bu xavfsiz boʻlishi bilan birga qurish uchun juda qulay. Xususan, bu yerdagi ishlar ham Kichik halqa yoʻli va temir yoʻldagi qatnovni toʻxtatmagan holda davom ettirilmoqda.

— Bu arzon, mustahkam, xalqimizga ham maʼqul texnologiya. Kelajakni hisobga olib, hali koʻp joyda koʻpriklar quramiz. Shuning uchun mutaxassislar va talabalarni bu yerga olib kelib, jarayonni koʻrsatish, zamonaviy texnologiyalarni oʻrgatish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu koʻprikdan Qipchoq koʻchasigacha 6 kilometr yoʻl qurilmoqda. Toshkent halqa avtomobil yoʻli bilan kesishgan joyda tunnel boʻladi. Shu tariqa, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Choʻponota koʻchasi va Sergeli tumanidagi Qipchoq koʻchasi samarali bogʻlanadi.

Hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yoʻl – Yangi Sergeli koʻchasi orqali harakatlanmoqda. Shu bois unda qatnov juda koʻp, tirbandlik katta.

6 qatorli yangi koʻprik va yoʻl soatiga 12 mingtagacha avtotransportni oʻtkazish quvatiga ega boʻladi. Natijada Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, harakat vaqti 20-25 daqiqaga kamayadi. 

Yoʻl boʻylariga energiya tejamkor yoritgichlar oʻrnatiladi. Boʻsh maydonlarda “yashil hududlar” barpo etilib, piyodalar yoʻlagi va veloyoʻlakchalar tashkil etiladi. 
 
Shu yerda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Yangi Oʻzbekiston koʻchasida yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.