Shavkat Mirziyoyev: maqsad — odamlarning haqiqiy talabidan kelib chiqib reja qilish

0
138
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Andijon viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Davlatimiz rahbari dastlab Xonobod shahridagi «Xon tex city» masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. 

Maʼlumki, Xonobod shahri uzoq yillar yopiq hudud boʻlib, sanoat rivojlanmagan, koʻplab obyektlar boʻshab qolgan edi. Prezidentimiz 2017 yil 2 iyunda bu yerga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit bilan yaqindan tanishgan, vaziyatni tubdan yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar belgilab bergan edi. 

Shu asosida 2017-2019 yillarda Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi. Unga 3 ming 200 dan ziyod loyihalar kiritilib, 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Buning natijasida koʻplab korxonalar tashkil etilib, odamlar ish bilan taʼminlandi. 

Anhor mahallasi hududidagi sobiq 4-avtokorxona ham uzoq yillar boʻsh turgan edi. Uning binolari va yer maydoni tadbirkorlarga «nol» qiymatda boʻlib berilib, tashkiliy, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlandi. Bugun bu yerda katta-kichik 13 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 685 kishi ishlamoqda. 

«Xon tex city» masʼuliyati cheklangan jamiyati shulardan biri. Oʻtgan yili ishga tushirilgan korxonada 50 turdagi tayyor kiyim-kechaklar 300 dan ortiq modelda ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 500 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Eng muhimi, ilgari ishsiz boʻlgan 300 ga yaqin xotin-qiz bandligi taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi, ishchi xotin-qizlar bilan muloqot qildi. 

— Hamma harakatlarimiz, farmon va qarorlarimiz zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish maqsadi mujassam. Shu boradagi oʻzgarishlarni, sizlarning hayotdan roziligingizni koʻrib xursand boʻldim. Andijonga bu galgi tashrifimizdan ham maqsad — odamlarning haqiqiy talabidan kelib chiqib reja qilish, ularni taʼminlash choralarini koʻrish, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.