Davlatimiz rahbari Sergeli tumanidagi Yangi Bunyodobod mahallasida boʻlib, sharoitlarni koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 6 mingdan ziyod aholi yashaydi. 13 ta koʻp qavatli uy, maktab, bolalar va oʻsmirlar sport maktabida barcha sharoitlar yaratilgan. Mahallaning drayveri – xizmat koʻrsatish. Yaqinda maishiy xizmat shoxobchalari, tikuvchilik korxonasini oʻz ichiga olgan ish markazi barpo etildi. Ularda mahalliy yoshlar foydali mehnat bilan band.
Prezident tikuvchilik korxonasidagi ayollar bilan suhbatlashdi. Uning rahbari ayollar tadbirkorligiga berilayotgan imkoniyatlar tufayli yangi uskunalar olgan, faoliyatini kengaytirgan.
– Biz nima uchun xotin-qizlar masalasiga alohida eʼtibor qaratamiz? Chunki bu oilaga, farzandlarimizga, kelajak avlodlarimizga eʼtibordir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fuqarolar yigʻini binosi zamonaviy qiyofaga ega. Bu yerda kutubxona, til oʻrganish toʻgaraklari ham bor. Mahalla hududi obodonlashtirilgan. Oʻyin va sport maydonchalari taʼmirlangan. Ikki yilda mahallada bironta jinoyat sodir etilmagan.
Mahalla raisi va faollari bilan suhbatda yoshlar bandligini taʼminlash, madaniy tadbirlar va musobaqalar tashkil etib, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish haqida soʻz bordi. Tuman rahbarlariga ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni koʻpaytirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha koʻrsatmalar berildi.