Shavkat Mirziyoyev: Maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak

0
120
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari taʼlim koʻrgazmasi doirasida bir guruh maktab oʻqituvchilari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizdagi muammolardan biri sifatida kadrlar masalasini koʻrsatgan edi. Soʻnggi yillarda qaysi sohada islohotlar, ulkan loyihalar boʻlmasin, albatta, unga mos mutaxassislar tayyorlash ham kun tartibiga chiqadi. 

– Hamma saʼy-harakatlarimiz tagida taʼlim bor. Qaysi hududga borsam, yoshlar bilan, katta-katta korxonalardagi ishchilar bilan suhbatlashaman. Ulardan «Sizni nima qiynaydi» deb soʻrasam, bilim yetishmasligini aytadi. Rivojlangan davlatlar bugungi iqtisodiyotiga qanday erishgan? Bilim evaziga! Shuning uchun avvalboshdan taʼlimni yaxshilashga harakat qilyapmiz. 2023 yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berdik. Endi maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak, — dedi Prezident.

Maʼlumki, mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab yangi maktablar qurildi, 500 ming oʻquvchi uchun qoʻshimcha oʻrinlar yaratildi, 7 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter xonalari tashkil etildi.

Sharoit bilan birga taʼlimning mazmunini, metodologiyani oʻzgartirish choralari koʻrilmoqda. Birinchi bosqichda boshlangʻich sinf darsliklari yangilanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu ishlar maktab taʼlimi boʻyicha umumiy strategiyaning bir qismi ekani, sifat va samaradorlik koʻp jihatdan oʻqituvchiga bogʻliqligini taʼkidladi.
– Men nima uchun oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsi va mavqeini oshirish kerak, deb koʻp gapiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Chunki bolalarimiz qalbining chinakam meʼmori, muhandisi oʻqituvchilardir. Shuning uchun pedagoglarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi. Ularni darsdan boshqa ishlarga jalb etish – bu davlatga, kelajakka xiyonat, deb baholanishi kerak. Oʻqituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.

Prezident Konstitutsiya va qonunlarda oʻqituvchining maqomi, huquq va manfaatlarini aniq belgilash zarurligini yana bir bor taʼkidladi.

– Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, oʻqituvchilik eng obroʻli kasb boʻlishi lozim! Bu yoʻlda biz, avvalo, oʻz hayotini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlagan ming-minglab ustoz va murabbiylarga tayanamiz! Ustozlarni eʼzozlagan jamiyat hech qachon kam boʻlmaydi, oʻz maqsadlariga albatta yetadi. Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz oʻz kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday boʻlishi avvalo sizlarga bogʻliq. Bu yoʻlda Prezident sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlar taʼlim-tarbiyasida ota-onalar masʼuliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Muloqotda oʻqituvchilar pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, maktablarga xorijiy til egalarini jalb qilish, yoshlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari oʻqituvchilarni kirib kelayotgan yangi 2023 yil bilan tabriklab, sharafli va masʼuliyatli faoliyatida kuch-gʻayrat tiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.