Shavkat Mirziyoyev: Maqsadimiz – Yangi Oʻzbekiston yoshlarini barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish

0
92
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahridagi “Halk hakydasy” (“Xalq xotirasi”) yodgorlik majmuasidagi yodgorlik poyiga gul qoʻydi. Bu majmua 1880-1881 yillardagi Goʻktepa jangi, Ikkinchi jahon urushi va 1948 yildagi Ashxobod zilzilasiga bagʻishlangan uch qismdan iborat. Markaziy monument ortida shu mudhish voqealar haqida hikoya qiluvchi muzey ham bor.  Prezident muzey eksponatlari bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirgach,  Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetiga tashrif buyurdi.

Yoshlar, sanʼat ustalari davlatimiz rahbarini tantanali kutib oldi.

Prezidentimizga ushbu universitetning Faxriy professori unvonini berish marosimi boʻldi. Universitet rektori Bayramgul Orazdurdiyeva va Turkmaniston Fanlar akademiyasi prezidenti Allaberdi Ashirov Shavkat Mirziyoyevga Faxriy professor libosi va tegishli unvon berilgani toʻgʻrisidagi sertifikatni tantanali topshirdilar.

Uchrashuv ishtirokchilariga murojaatida mamlakatimiz yetakchisi ushbu unvon uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti taʼlim va tarbiya azal-azaldan davlatlar va xalqlar taraqqiyotini belgilab beruvchi, ularning qudratini yuksaltiruvchi kuch boʻlib xizmat qilayotganini alohida taʼkidladi.

— Har qanday jamiyatning kelajagi bugungi yosh avlod naqadar bilimli va har tomonlama barkamol boʻlib voyaga yetishiga bevosita bogʻliq. Aynan shuning uchun Oʻzbekistonda, Turkmanistonda boʻlgani kabi, taʼlim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bizning maqsadimiz – Yangi Oʻzbekiston yoshlarini dunyoqarashi keng, kreativ fikrlaydigan, Vatan taqdiri uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyor barkamol shaxslar sifatida voyaga yetkazish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida xalqaro siyosat masalalariga toʻxtalib, vujudga kelayotgan yangi xatar va tahdidlarga oʻz vaqtida javob qaytarish uchun mintaqa mamlakatlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

— Vaziyatdan chiqishning birma-bir yoʻli – har bir davlat, har bir xalqning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan konstruktiv muloqot, — dedi Prezidentimiz.

Oʻzbekiston Turkmaniston bilan xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan samarali hamkorlik qilayotgani, BMT va boshqa tashkilotlar doirasida bir-birini faol qoʻllab-quvvatlab kelayotgani taʼkidlandi.

Soʻzining yakunida Shavkat Mirziyoyev Mahtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universiteti yuqori malakali kadrlarni tayyorlashning shonli anʼanalarini davom ettirishi, uning bitiruvchilari esa Turkmanistonni yanada rivojlantirishdek olijanob maqsadga sharaf bilan xizmat qilishlariga ishonch bildirdi.

Turkmaniston davlat universiteti mamlakatning birinchi va eng yirik universiteti. U 1931 yilda ochilgan Ashxobod pedagogik instituti negizida tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti universitet hayotiga oid koʻrgazmani ham koʻzdan kechirdi.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan 12 ta – matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, turkman va xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va huquqshunoslik fakultetlarida 7 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.