Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Texnoparkda ishga tushirilgan yangi korxonalarni borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod boʻlgan 17 ta loyiha joylashtirilgan boʻlib, shundan 6 tasi oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan edi. Bu yil boshida yana 4 ta korxonada qurilish-montaj ishlari bitkazildi. Ayni kunlarda sinov rejimida mahsulot tayyorlanmoqda.
Prezident ushbu korxonalarda oʻrnatilgan texnologiyalar, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.
— Bu korxonalarning, albatta, iqtisodiy ahamiyati katta. Lekin meni koʻproq quvontiradigani yoshlarimizning malakasi, ishonchi. Hozirgi yoshlar oʻqigan paytlarda bunaqa stanoklar yoʻq edi. Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning bilimi, saviyasi bugun umuman boshqacha boʻlardi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Furnitura va aksessuarlar loyihasining qiymati 20 million dollar. Buning evaziga bino mukammal taʼmirlanib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. 450 ta ish oʻrni yaratilgan. Korxona eshik va romlar uchun yiliga 6 million dona furnitura va aksessuar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu 10 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish, 3 million dollarlik eksport imkoniyatini beradi.
Yana bir korxonada 5 xil modifikatsiyadagi panelli isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Uning qiymati 19 million dollardan ziyod, quvvati yiliga 640 ming dona. Yevropa texnologiyasi asosida tayyorlanadigan bunday radiatorlarga ichki bozorda ham, tashqi boroda ham talab bor. Shundan kelib chiqib, 6 million dollarlik import oʻrnini bosish, 8 million dollarlikdan koʻproq eksport qilish moʻljallangan. 250 kishi ish bilan taʼminlangan.
Alyumin kompozit panellar korxonasi ham iqtisodiy samarador. Unda tayyorlanadigan 432 ming dona mahsulot 10 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish, 3 million dollarlik eksportni taʼminlash imkonini beradi. Buning uchun 2 million dollar evaziga Xitoy texnologiyasi oʻrnatilgan. 80 ta ish oʻrni yaratilgan.
Metall konstruksiyalar ishlab chiqarish loyihasining qiymati 29 million dollar. Shunga yarasha, import oʻrnini bosish darajasi ham nisbatan yuqori – 16 million dollar. Shuningdek, 1,5 million dollarlik eksport ham rejalashtirilgan. Korxonaga Italiya texnologiyasi oʻrnatilgan boʻlib, 3 xil sendvich panellar hamda 2 turdagi qora va yengil metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi. Bu yerda 350 kishi ishlaydi.
Yangi ishga tushayotgan korxonalarda mahalliylashtirish darajasi 35-40 foizni tashkil etadi.
Texnoparkda barcha loyihalar ishga tushgandan keyin joriy yil yakunida 5 trillion 700 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi, 105 million dollarlik eksport qilinadi. 7 mingga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi.
Davlatimiz rahbari shu bilangina cheklanmasdan, yangi loyihalar ishlab chiqish, qoʻshilgan qiymat yaratadigan mahsulotlarga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.