Prezident Margʻilondagi Hunarmandlar markazini borib koʻrdi. Ushbu markazda 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 dan ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Xotin-qiz va yoshlardan ikki mingga yaqini ishga jalb etildi. Hozir chevarlarga 3,5 million soʻmgacha maosh beriladi. Markaz 600 ishchiga moʻljallangan, xotin-qizlarning qolgani kasanachilik asosida uyda oʻtirib mehnat qiladi.
— Mening eng katta islohotim — har bir oilaning nuri boʻlgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning koʻzingizdagi ishonchni, umidni koʻrib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu — Fargʻonadagi oʻzgarishlarning boshlanishi, qaldirgʻochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.