Shavkat Mirziyoyev: Mening eng katta maqsadim — xalqimni rozi qilish, baxtli koʻrish

0
67
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanidagi Juzimbagʻ mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda 4 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. Uchta maktab, oltita bogʻcha, yetmishdan ortiq tadbirkorlik subyektida aholi doimiy ish bilan band.

Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 990 ta xonadonning tomorqasi bor. Sayxunobod tajribasi asosida mahalliy imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, dehqonchilik uchun 174 nafar fuqaroga 128 gektardan ortiq yer uzoq muddatga ajratilgan. Ular dehqonchilik qilib, roʻzgʻor uchun qoʻshimcha daromad qilmoqda. Issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yoʻlga qoʻyayotgan oilalar soni koʻpaymoqda.

Mahallada “Orol Agro” korxonasi tomonidan “Yoshlar uzum bogʻi”  tashkil etilgan. Unda 40 kishiga oʻrtacha 25 sotixdan yer ajratib berilgan.

Voish usulida parvarish qilinayotgan bu tokzorning qator oralaridan ham omilkorlik bilan foydalanilmoqda. Turli sabzavotlar yetishtirilib, 400 tonnagacha mahsulot olinmoqda. Toklar toʻliq hosilga kirishi bilan yiliga qiymati 4 milliard soʻmlik 200 tonnaga yaqin mahsulot olinishi koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.

Ular soʻnggi yillardagi imkoniyatlardan foydalanib, dehqonchilik uchun yer olgani, poliz ekinlari va koʻkatlar yetishtirib, daromad topayotganini aytdi. Reja va niyatlari haqida gapirdi.

— Sizlarning ishli boʻlganingizni, koʻzingizdagi ishonchni koʻrib, xursand boʻldim. Oʻzi mening eng katta maqsadim shu — xalqimni rozi qilish, baxtli koʻrish. Qilayotgan ishlarimiz toʻgʻri, faqat uni kengaytirishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yoshlarning takliflari asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun sovutkichli ombor qurish, ehtiyojmand yigit-qizlarning toʻylari va shartnoma toʻlovlariga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.