Shavkat Mirziyoyev: Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bogʻliq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi

0
119
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi:

Birinchidan, Oʻzbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi.

Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratamiz.

Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bogʻliq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur oʻrganish va yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

Kelgusi yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga bagʻishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya oʻtkaziladi.

Shular qatorida Xiva shahrida YUNYeSKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” global anjumanini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Uchinchidan, asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytiramiz.

Tashqi ishlar vaziri va uning oʻrinbosarlari hamda yurtimizning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yanada samarali ish tizimini joriy etishlari zarur.

Toʻrtinchidan, biz qoʻshni Afgʻoniston zaminida tinchlik oʻrnatilishiga qatʼiy ishonamiz va bu ezgu yoʻlda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz.

Afgʻon muammosini hal etishga qaratilgan global saʼy-harakatlarga Toshkent Xalqaro konferensiyasi ham mustahkam poydevor yaratdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Trans-afgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning roʻyobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.

Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Joriy yilda respublikamiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, koʻzda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

2021-2022 yillarda Oʻzbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi boʻyicha ham jiddiy tayyorgarlikni boshladik.

Oltinchidan, inson huquqlarini taʼminlash, soʻz va diniy eʼtiqod erkinligi boʻyicha erishayotgan yutuqlarimizni tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlab boramiz.

Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari boʻyicha taʼlim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, Diniy erkinlik masalalari boʻyicha mintaqaviy konferensiyalarni oʻtkazamiz.

Yettinchidan, dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamgʻarmasini tuzishni taklif etaman.

Sakkizinchidan, jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqamiz.

Barchangizga maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan har yili 30 iyul Xalqaro doʻstlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois, ushbu sanani Oʻzbekistonda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilashni taklif etaman.

Toʻqqizinchidan, mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi.

Qoʻshni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qatʼiy davom ettiramiz.

Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar oʻrmon va butazorlar tashkil etilayotgani Orolboʻyi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.

Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yanada kuchaytiramiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.