Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetida Nobel mukofoti sovrindorlari va oʻzbek talabalari bilan uchrashdi 

0
393
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasidagi navbatdagi muhim manzil Nagoya universiteti boʻldi, deya xabar beriladi aoka. uz rasmiy veb- saytida. 

Nagoya universiteti dunyodagi eng nufuzli ilm-fan va taʼlim maskanlaridan, qitʼadagi oʻnta eng namunali oliy taʼlim dargohlaridan biridir. 

Mazkur universitetda dunyoga mashhur koʻplab olimlar taʼlim olgan va mehnat qilmoqda, bu yerdan fizika va kimyo fanlari boʻyicha olti nafar Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan. 

Bugungi kunda universitetda 16 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Shundan 2,6 ming nafari xorijiy mamlakatlar, 30 nafardan ortigʻi Oʻzbekiston yoshlaridir. Hozirga qadar mazkur universitetda 400 dan ortiq oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchi taʼlim olgan.

2010 yilda Toshkentda Nagoya universitetining vakolatxonasi ochilgan edi. Bugungi kunda mazkur vakolatxona mamlakatlarimiz oliy oʻquv yurtlari uchun taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda. Bevosita universitet ishtirokida ikki mamlakatda muntazam oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston – Yaponiya talabalar akademik forumi va oliy oʻquv yurtlari rektorlarining anʼanaviy konferensiyalari ilmiy hayotimizda katta rol oʻynamoqda. 

Davlatimiz rahbari universitet faoliyati bilan tanishdi, uning prezidenti Seyichi Matsuo bilan uchrashdi. Uchrashuvda qator Nobel mukofoti sovrindorlari va boshqa olimlar ishtirok etdi.

— Sizning yurtimizga ilmiy hamkorligimizni rivojlantirish borasida qilayotgan katta xizmatlaringizni alohida qadrlaymiz. Ayniqsa, oʻtgan yili Nobel mukofoti sovrindori, professor Ryoji Noyori janoblari bilan birgalikda Oʻzbekistonga tashrifingiz mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim voqea boʻldi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Seyichi Matsuoning Oʻzbekiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotganini eʼtiborga olib, yaqinda Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy kengashi uni universitetning faxriy rektori etib sayladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi professor Noyoriga faxriy akademik unvoni berildi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Seyichi Matsuo va Ryoji Noyorini ushbu unvonlar bilan tabrikladi.

Uchrashuvda akademik almashinuvlarni faollashtirish hamda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga kelishib olindi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.