Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 27 sentyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvni nomzodning Namangan viloyati boʻyicha ishonchli vakili I.Najmiddinov ochdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi.
Bu dastur barcha sohalarni qamrab olgan oʻnta ustuvor yoʻnalishdan iborat. Jumladan, ilm va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni barpo etish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy koʻmak orqali kambagʻallikni qisqartirish, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish, taʼlim sifatini kuchaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, xalqchil va insonparvar davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-maʼnaviy sohalarni yuksaltirish boʻyicha rejalar begilangan.
Oxirgi besh yilda Namangan viloyatida mahalliy sanoat qariyb 2 barobarga oʻsgani, jami 277 mingta yangi ish oʻrni yaratilgani qayd etildi. Shu bilan birga, aholining yashashi va ishlashi uchun sharoitlarni yaxshilash boʻyicha dolzarb masalalar koʻp.
Nomzodning dasturida kelgusi besh yilda Namangan viloyatida 400 mingta yangi ish oʻrni yaratish, aholi daromadini kamida 2 baravarga oshirib, kambagʻallikni 2 baravarga qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 164 ming ish oʻrni tashkil etish moʻljallangan. Viloyatda “drayver” boʻlgan toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari, mebelsozlik kabi sohalarda 7 milliard dollarlik 10 mingdan ziyod investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 150 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Xizmatlar sohasining asosiy “oʻsish nuqtalari” ichki va tashqi turizm, savdo va logistika yoʻnalishlari boʻlishi taʼkidlandi. Namangan viloyatini yiliga oʻrtacha 1,5 million nafar sayyohlarni qabul qiluvchi markazga aylantirish mumkinligi aytildi.
Qishloq xoʻjaligidagi islohotlar davom ettirilib, 80 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlanadi. 11 ming gektardan ziyod maydon aholiga ochiq tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Maʼruzada uy-joy qurish, yoʻl-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Qayd etilganidek, viloyatda kelgusi besh yilda jami 16 ming xonadonli 700 ta koʻp qavatli uy quriladi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 85 foizga yetkaziladi. Yangi shifoxonalar tashkil etilib, aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar koʻrsatish koʻlami kengaytiriladi.
Namanganda kelgusi besh yilda 7 ta oliygoh tashkil etilib, jami oliy oʻquv yurtlari soni 10 taga yetkaziladi. Ibrat ijod maktabi negizida Chet tillar oliygohi tashkil etiladi.
– Men oddiy ziyoli oilasida ulgʻayganman, inson hayotda oʻz maqsadiga erishish uchun tinimsiz harakat qilishi, qiyinchilik va muammolardan qoʻrqmasligi kerakligini chuqur anglayman. Bu borada butun xalqimiz qatori yuragi toza, oqkoʻngil namanganlik yurtdoshlarimizning ishonchi va yordamiga tayanaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya vakillari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi va boshqalarni ham shunga daʼvat etdi.