Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning viloyat boʻyicha ishonchli vakili Q.Sanaqulov ochdi.
Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi.
Nomzodning dasturida mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, qonun ustuvorligi va tinchlikni mustahkamlash boʻyicha oʻnta yoʻnalish belgilangan. Jumladan, Navoiy viloyatidagi ulkan imkoniyatlarni toʻliq ishga solib, tuman va shaharlar, qishloq va mahallalarni rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish boʻyicha besh yillik reja ishlab chiqilgan.
Avvalo, aholini kasbga oʻrgatish chora-tadbirlariga toʻxtalib oʻtildi. Shu maqsadda Navoiy konchilik instituti negizida qariyb 15 ming talabani oʻqitadigan Politexnika universiteti tashkil etilishi aytildi. Umuman, kelgusi besh yilda 60 mingga yaqin ishsiz va yoshlar kasb-hunar va biznes koʻnikmalariga ega boʻladi.
Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish boʻyicha ham ulkan maqsadlar qoʻyilgan. Navoiy shahrida 4 ming va tumanlarda 14 ming xonadonli koʻp qavatli uylar, Zarafshonda Sanoatchilar shaharchasi hamda Karmana tumanida “Bagʻdod tajribasi” asosida Yangi Oʻzbekiston mavzesi qurilishi rejalashtirilgan. Kelgusi besh yilda ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi va 5 ming kilometr elektr tarmogʻi, 6 ming kilometr avtomobil yoʻllari qurilishi moʻljallangan.
Nomzodning dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʻrinlari va eksportni koʻpaytirish eng asosiy vazifalar etib belgilangan. Xususan, Navoiy viloyatida kelgusi besh yilda 9 milliard dollarlik 2 ming 200 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, 75 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Umumiy qiymati 3 milliard 400 million dollar boʻlgan gaz-kimyo texnologik klasteri tashkil etish, qariyb 3 milliard dollarlik 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirish shular jumlasidandir.
Toʻqimachilik sanoatida 120 ta yirik loyiha doirasida 27 mingta, charm-poyabzal tarmogʻida 68 ta loyiha natijasida 13 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Togʻ-kon sanoatida 52 ta loyiha bajarilib, 7 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlanadi.
Umuman, kelgusi besh yilda ishga tushiriladigan quvvatlar hisobiga, hududiy eksport hajmi 6 barobarga koʻpayib, 900 million dollarga yetkaziladi.
Viloyatda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali 70 mingta yangi ish joylari yaratish moʻljallangan. Buning uchun har bir mahallaga hokim yordamchisi biriktirilib, aholiga tashkiliy-moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har yili 500 milliard soʻmdan ziyod mablagʻlar ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligidagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, ekin yerlarini lazerli tekislash, suv taʼminotini yaxshilash, meva-sabzavotchilik va chorvachilikni kengaytirish borasidagi rejalar maʼlum qilindi.
Tibbiyot va taʼlim maskanlari qurish, xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari ham qayd etildi.
Umuman olganda, kelgusi besh yilda Navoiy viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish uchun davlat hisobidan 40 trillion soʻm ajratilishi, jami 180 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishi maqsad qilingan.
— Bugun – doimiy harakat zamoni, chinakam kurash zamoni. Bu kurashda biz gʻoliblar safida boʻlishimiz shart. Agar ana shunday ulugʻ ishonch bilan yashasak, ishlasak, albatta natija boʻladi. Jonajon Oʻzbekistonimiz albatta eng rivojlangan davlatlar qatoriga kiradi. Bu maqsadlar yoʻlida men butun xalqimiz qatori Navoiy ahliga suyanaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuv qatnashchilari, tuman studiyalaridagi saylovchilar bilan samimiy suhbat boʻldi. Ular viloyatni rivojlantirish imkoniyatlari, joylardagi muammolar boʻyicha fikrlarini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev aholi takliflarini oʻz dasturiga kiritish va amalga oshirishga vaʼda berdi.