Oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini mustaqil Qozogʻiston asoschisining ulkan xizmatlari eʼtirofi sifatida dekabr oyining birinchi sanasida nishonlanadigan bayram — Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Nursulton Nazarboyevning chuqur oʻylangan siyosati tufayli birodar Qozogʻiston xalqi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida yuksak muvaffaqiyatlarga erishganini taʼkidladi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik rivojiga Elboshining shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bugun Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolangani muloqotlarni faollashtirish jarayonining mantiqiy davomi boʻldi.
Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo makonida siyosiy muloqot faollashgani, Maslahat uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani, doʻstlik va ishonch muhiti shakllangani taʼkidlandi.
Nursulton Nazarboyev bu galgi davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Soʻng Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti muzeyiga tashrif buyurdi.
Bu yerda Nazarboyevning ish xonalari asl holicha saqlab qolingan. Yigʻilishlar va jurnalistlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilgan majlislar zalida zamonaviy Qozogʻistonning taraqqiyot yoʻliga bagʻishlangan ekspozitsiya joylashgan. Koʻplab eksponatlar Qozogʻistonning xorijiy hamkorlar bilan tashqi siyosiy aloqalaridan soʻzlaydi.
Davlatimiz rahbari muzey bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.