Bokuda oʻtayotgan Turkiy kengash sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Nursulton Nazarboyevni Turkiy kengashning faxriy raisi etib saylangani hamda Turkiy dunyoning oliy ordeniga sazovor boʻlgani bilan tabrikladi.
Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti Kengashga asos solinishi va uning rivojlanishiga, tashkilot doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikning kengayishiga katta hissa qoʻshgani alohida taʼkidlandi.
Elboshi Nursulton Nazarboyev, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Turkiy kengashga qoʻshilishi ushbu tuzilmaning xalqaro nufuzini va hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid, shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.