Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishini boshlab berdi

0
118
marta koʻrilgan.

9 noyabr kuni Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida barchani ushbu tarixiy voqea bilan tabriklab, loyihaning ahamiyati haqida gapirdi.

— Bizning oʻz yoʻlimiz, niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz oʻzining katta natijasini berishiga ishonamiz. Ana shu ishonch bizga kuch-qudrat beradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatimizda sportni ommalashtirish, sportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi besh yilda sport sohasiga qariyb 4 trillion soʻm yoʻnaltirilib, 118 ta yirik inshoot foydalanishga topshirildi va 110 tasi rekonstruksiya qilindi.

Eʼtibor va sharoit natijasida joriy yilning oʻzida sportchilarimiz turli xalqaro musobaqalarda 1 mingdan ziyod medalni qoʻlga kiritdi. Jumladan, Hindistonning Chennay shahrida oʻtgan shaxmat olimpiadasida milliy terma jamoamiz birinchi oʻrinni egalladi. Turkiyaning Koʻnyo shahrida boʻlgan Islom birdamligi oʻyinlarida esa vakillarimiz jami 158 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni oldi.

Bunday natijalar tufayli sportchilarimizga dunyo tan berib, nufuzli xalqaro musobaqalarni oʻtkazish Oʻzbekistonga ishonib topshirilmoqda. 2021 yili Toshkentda ogʻir atletika boʻyicha, bu yil dzyudo boʻyicha jahon chempionatlari yuqori saviyada tashkil etildi. Kelgusi yilda yurtimiz boks boʻyicha jahon chempionati hamda qitʼa miqyosidagi koʻplab turnirlarga mezbonlik qiladi.

Kutilayotgan anjumanlardan eng nufuzlisi Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlaridir. Bu musobaqalar 2025 yilda Toshkentda oʻtkaziladi. Unda qitʼamizdagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi boʻyicha bellashadi.

Aytish joizki, bunday nufuzli xalqaro musobaqa Oʻzbekiston tarixida birinchi marta  tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, koʻrsatmalar bergan edi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi – Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.

– Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va oʻzbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan meʼmoriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilgʻor innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.

– Agar shonli tariximizga nazar solsak, ota-bobolarimiz kelgusi avlodlar uchun ulugʻvor imoratlar barpo etganiga guvoh boʻlamiz. Biz ham ajdodlarimizning mana shunday ezgu anʼanalarini munosib davom ettirib, mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Albatta, bunday yirik loyihalar koʻpchilikning birgalikdagi saʼy-harakati, mehnatkash xalqimizning faol ishtiroki bilan yuzaga chiqadi, – deya taʼkidladi Prezident.

Shuni ham aytish kerakki, majmua musobaqalardan soʻng boʻshab qolmaydi. Keyinchalik bu yerda Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari va Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi faoliyat koʻrsata boshlaydi. Majmualarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.

Tadbirda taniqli sportchilar, federatsiyalar rahbarlari, soha faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jam boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

— Mamlakatimizda hamma sohalarda loyihalar, imoratlar koʻpayyapti. Bularning zamirida buyuk xalqimizning buyuk mehnati yotibdi, buyuk xalqimizning niyati, ertangi kunga ishonchi yotibdi. Xudo xohlasa, bunday loyihalar yana koʻp boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari.

Marosimda Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam, Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi prezidenti Majid Rashid, “CAMC Engineering” kompaniyasi bosh direktori Li Xaysin, Oʻzbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va yosh sportchilar soʻzga chiqib, shaharchaning boʻlajak sharoitlari va ahamiyati haqida gapirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.