Shavkat Mirziyoyev: Ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor – jamiyatga, kelajakka eʼtibor

0
127
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasidan

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

2021 yil uchun yana bir muhim yoʻnalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri boʻladi. Bu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yoʻnaltiriladi.

Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlami yanada kengaytiriladi. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʻpaytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʻtkazish choralari koʻriladi.

Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida telemeditsina yoʻlga qoʻyilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Ikkinchidan, ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor – jamiyatga, kelajakka eʼtibor. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.

Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.

Uchinchidan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish zarur.

Bu borada birlamchi boʻgʻinda umumiy amaliyot shifokori oʻrniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinadi.

Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi boʻlganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari roʻyxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli taʼminlash tizimi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, tibbiy xizmatlar koʻrsatishda birlamchi boʻgʻin qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta oilaviy shifokor punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million soʻmdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan taʼminlanadi.

Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratiladi.

Aholiga eng yaqin, uning salomatligi bilan bevosita shugʻullanadigan oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obroʻsi va mavqeini oshirishga alohida urgʻu beramiz.

Jumladan, 47 ta Ibn Sino texnikumini har yili bitiradigan 20 mingdan ortiq oʻgʻil-qizlarimiz tibbiyotning bir nechta sohalarida kasb egasi boʻlib chiqadi.

Shuningdek, oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shugʻullanish uchun ruxsat beriladi.

Toʻrtinchidan, hozirgi kunda 12 mingdan ziyod fuqarolarimiz oq qon va ogʻir irsiy gematologik kasallikdan aziyat chekmoqda. Shu sababli kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard soʻm ajratiladi.

Oʻtkir buyrak yetishmovchiligi boʻlgan 5 mingdan ortiq bemor esa ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinadi va shu maqsadlar uchun byudjetdan 140 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, endokrin kasalliklarni aniqlash va davolash maqsadida hududiy shifoxonalarda maxsus boʻlimlar tashkil etiladi. Buning uchun 2021 yilda byudjetdan 150 milliard soʻm ajratiladi.

Yana bir masala – aholimizning katta qismini qiynaydigan oʻtkir qon-tomir kasalliklari boʻyicha 35 ta tumanlararo markaz tashkil etamiz. Ushbu markazlar aholiga infarkt va insult holatlarida tezkor va malakali tibbiy yordam koʻrsatish orqali oʻlim va nogironlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa har yili kamida 30 ming nafar insonning hayoti saqlab qolinadi.

Beshinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish aholi salomatligini taʼminlashda muhim omildir.

Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bogʻcha va maktablarni sport jihozlari bilan taʼminlashga 100 milliard soʻm ajratiladi.

Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi.

Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkaziladi.

Sport haqida gapirganda, yana bir muhim vazifa oldimizda turganini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Yaqinda Osiyo olimpiya kengashi 2025 yilda Yoshlar oʻrtasida Osiyo oʻyinlarini Toshkent shahrida oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga koʻrsatilgan katta ishonch, desak, toʻgʻri boʻladi.

Ayni vaqtda, buning masʼuliyati ham katta ekanini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qitʼamiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab puxta tayyorgarlik koʻrishimiz lozim.

Oltinchidan, xalqimizning madaniy-maʼrifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bunda madaniyat va sanʼat muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Jumladan, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat obyekti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Toshkent shahrining markazida – Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Ando loyihasi asosida yangi sanʼat muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va maʼrifat majmuasini barpo etish boʻyicha amaliy ishlar boshlanadi.

Mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlab poytaxtimiz markazida “Istiqlol” majmuasi qad rostlaydi.

Ilgari koʻp yillar davomida oʻtkazib kelingan Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tashkil etiladi.

Shu oʻrinda yana bir muhim masalaga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Boy tariximiz durdonasi boʻlgan 7 mingdan ziyod madaniy meros obyektini asrab-avaylab, kelajak avlodlar uchun bezavol yetkazishimiz zarur. Afsuski, keyingi paytlarda bebaho madaniy merosimiz boʻlgan ayrim obidalarimizga zarar yetkazish holatlari uchrayotgani bu borada eʼtibor susayganidan dalolat beradi. 

Bu ish nafaqat Madaniyat vazirligi, balki mahalliy hokimliklar, mahalla, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning ham diqqat markazida boʻlishi kerak.

Hukumat bir oy muddatda madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash boʻyicha alohida dastur qabul qilishi lozim.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.