Prezident Shavkat Mirziyoyev Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qoraqalpogʻiston xalqi hayoti, umuman, katta mintaqadagi ekologiya shu muammoga bogʻliq. Bir paytlar dengiz va unga tutash daryolar, yaylovlar odamlarga rizq ulashgan, ish, daromad manbai boʻlgan. Lekin tabiat qonunlariga aralashish, Amudaryo va Sirdaryo suvini toʻsish dunyodagi ogʻir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Mintaqamizda choʻllanish va shoʻrlanish darajasi keskin ortdi. Oʻsimlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi.
Global isish muammosi kuchayib, yogʻingarchilik kamayayotgan bugungi asrimizda Orol dengizini qutqarish tobora imkonsiz boʻlib bormoqda. Bunday sharoitda yagona yoʻl — borini asrab qolish, fojia taʼsirini kamaytirish, odamlar hayotini osonlashtirish.
Davlatimiz rahbari bu boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida gapirdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, oʻz imkoniyatlarimizga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda.
Xususan, Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar koʻtarilib, katta hududga tarqalar edi. Shavkat Mirziyoyev 2018 yili Moʻynoqqa tashrifi chogʻida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekish vazifasini belgilagan edi.
Davlatimiz rahbariga shu borada qilingan ishlar haqida axborot berildi.
Oʻtgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar toʻqayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklaridan qariyb 6 ming tonna urugʻ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan.
Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda. Joriy yilda 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda shundan 26 ming gektarida ish boshlangan, 562 tonna urugʻlar tayyorlangan. Shuningdek, 100 gektar maydonda koʻchatxona tashkil qilinmoqda.
Prezidentimiz bu yerda ekologlar va oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari bilan suhbatlashdi.
— Biz shu murakkab sharoitda ekish boʻyicha katta tajriba orttirdik. Bu yerga oʻzim kelishimdan maqsad — endi bu ishlarni ilmiy asoslangan tarzda davom ettiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilmiy izlanishlar qilib, hudud tuprogʻiga mos navlar yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Orolboʻyining flora va faunasini yaxshilash boʻyicha 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.