Shavkat Mirziyoyev Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbarini qabul qildi

0
153
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston va OFK oʻrtasidagi samarali sheriklik mamlakatimizda futbolni ommalashtirish va yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgani va izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.

Oʻzbekiston 1994 yildan buyon konfederatsiya aʼzosi hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tashkilot bilan birgalikda futbolni rivojlantirish, jumladan, hududlarda zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish va mavjudini rekonstruksiya qilish, yosh sportchilarni qoʻllab-quvvatlash, ayollar futbolini taraqqiy ettirish, muhim xalqaro musobaqalarni oʻtkazish, texnik koʻmak boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan koʻplab tadbir va dasturlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Mamlakatimizda futbol boʻyicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, oʻsmirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari oʻrtasida jahon va qitʼa birinchiliklarini tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Konfederatsiya Oʻzbekistonda xalqaro darajadagi futbol infratuzilmasini yaratish, uslubiy taʼminot, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, yuqori malakali mutaxassislar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda koʻmagini davom ettirishi muhim ekani taʼkidlandi.

OFK prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda ommaviy sportni targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan siyosatni, jumladan, futbol rivoji qoʻllab-quvvatlanayotganini yuksak baholadi.

Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Osiyo futbol konfederatsiyasi Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirishda qatʼiy ekani hamda amaliy hamkorlikka qaratilgan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini taʼkidladi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.