Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Unda shu yil 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish uchun partiyadan nomzod koʻrsatish masalasi muhokama qilindi.
Anjuman qatnashchilari bu saylov muhim siyosiy voqea ekani, Prezidentlikka keng bilim va katta tajribaga ega, azmu shijoatli va qatʼiyatli, yetakchi shaxs nomzodini ilgari surish zarurligini qayd etdi.
Partiya elektorati fikrlarini inobatga olgan holda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining Syezdi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga butun faoliyatini xalqimiz farovonligiga bagʻishlab kelayotgan, bugungi murakkab davrda mamlakatimizni rivojlantirishga qodir boʻlgan, oʻzining insoniy fazilatlari va rahbarlik qobiliyati bilan yurtdoshlarimiz hurmati va mehrini qozongan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini koʻrsatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturining asosiy yoʻnalishlari haqida maʼruza qildi.
Soʻzga chiqqanlar nomzodning koʻp yillik rahbarlik tajribasiga ega ekani, mamlakatimizni rivojlantirish va xalqimiz farovonligini oshirish yoʻlida ulkan xizmatlar qilganini taʼkidlashdi.
Oxirgi besh yilda Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va saʼy-harakatlari bilan tarixiy ahamiyatga ega maʼmuriy, huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Xalq hokimiyati mustahkamlanib, davlat organlarining hisobdorligi taʼminlandi.
Shu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oshdi. Yalpi ichki mahsulotimiz 60 milliard dollarga yetdi. Oʻrtacha oylik ish haqi 2,2 marta koʻpaydi.
Partiya elektoratining salmoqli qismi boʻlgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar koʻlamini kengaytirish choralari koʻrildi.
Bularning barchasi, pirovard natijada, yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Ijtimoiy yoʻnaltirilgan dasturlar amalga oshirildi. Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, ommaviy axborot vositalari, sport sohalarini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilgani qayd etildi.
Bunday yangilanish va rivojlanishni muvaffaqiyatli davom ettirish uchun Shavkat Mirziyoyevni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylash eng toʻgʻri yoʻl ekanligi toʻgʻrisida yakdil fikr bildirildi.
Syezdda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.