Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi doirasida ochiq muloqot va sheriklikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

0
53
marta koʻrilgan.

3 may kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raislik qilgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti  Odil Reno-Basso, “Masdar”, “Indorama”, “ACWA Power”, “Air Products”, “Çalik”, “Suez”, “Orascom”, “Çengiz”, “Aksa”, “HP“, “Linde”, “Procter&Gamble”, “Visa”, “CAMCE”, “John Deere”, “Huawei”, “Airbus”, “Orano”, “Sommerzbank”, “Total”, “PASHA Holding” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, mamlakatimizNI investitsiyaviy, savdo-texnologik va innovatsiyaviy rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahat berish hamda Oʻzbekiston hukumati va xorijiy investorlar oʻrtasida ochiq muloqotni taʼminlashdan iborat. 2022 yilda boʻlib oʻtgan birinchi sessiyada ushbu mexanizmning samarali faoliyat yuritishi uchun poydevor yaratilgan edi.

Bu galgi majlisni ochar ekan, davlatimiz rahbari kuni kecha oʻtgan uchinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash aʼzolariga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlashga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. 

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida beqarorlik tobora kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar oʻtkir tus olayotgani taʼkidlandi.

– Bunday murakkab sharoitda sizlar bilan bamaslahat, oʻzaro kengashib, aniq amaliy qadamlar tashlasak, koʻzlagan yuksak marralarimizga albatta erishamiz, – dedi Prezident.

Mamlakatimizda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishga qaratilgan investitsiyalar va maxsus erkin zonalar toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini ishlab chiqishga hissa qoʻshgan ishchi guruhi faoliyati alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili juda muhimligi, ushbu loyiha mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida asosiy yoʻnalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Hukumat hamda investorlar oʻrtasida ochiq va samarali muloqotning yoʻlga qoʻyilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kaliti ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari muayyan yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlarni tashkil etishni taklif qildi hamda kengashning kelgusi faoliyati ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yoʻnalishda xorijiy investorlarning talablariga toʻla javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga eʼtibor qaratish taklif qilindi.

Ikkinchidan, masʼuliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini taʼminlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni ragʻbatlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar toʻgʻrisida”gi yangi qonun ishlab chiqiladi.

Toʻrtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish.

— Xorijiy investorlar bilan davlat organlari oʻrtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti keldi, deb oʻylayman. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni oʻz vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi, — dedi Prezident.

Kengash aʼzolarining qoʻllab-quvvatlashi orqali Oʻzbekiston jadal oʻsish surʼatlarini namoyish etishda davom etishi, xalqimiz turmush darajasini oshirishi va yurtimiz farovon kelajagini taʼminlashiga ishonch bildirildi.

Soʻzga chiqqanlar Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar dasturini yuqori baholadilar. Davlatimiz rahbariga investitsiya faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani va oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy intilishi uchun minnatdorlik bildirdi.

Majlis yakunida Prezidentimiz ishtirokchilar tomonidan bildirilgan barcha tashabbus va tavsiyalar toʻliq inobatga olinishini taʼkidladi. Hukumatga barcha takliflarni batafsil koʻrib chiqish va ularning amalga oshirilishini nazoratga olish topshirildi.

Kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga koʻrsatma berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.