Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishdi

0
163
marta koʻrilgan.

Toshkentda 2021 yil 6 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Marosimda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxoʻjayev ochdi. U 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Prezident saylovi demokratik tamoyillar asosida, faol siyosiy raqobat muhitida oʻtganini taʼkidladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning 80,12 foiz ovozi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini qayd etdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokchilar nomidan Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi va unga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini topshirdi.

Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 92-moddasiga muvofiq, qasamyod qildi:

“Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz madhiyasi yangradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar haqida nutq soʻzladi.

– Xalqimiz talablarini inobatga olgan holda, biz Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik va saylov jarayonida uni oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazdik, – dedi davlat rahbari. – Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi.

Qayd etilganidek, ushbu taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat.

Birinchi yoʻnalish erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga qaratilgan. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga oʻtkaziladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Tuman byudjeti qoʻshimcha manbalar bilan taʼminlanib, mahallaning alohida jamgʻarmasi shakllantiriladi. Markaziy idoralar transformatsiya qilinib, ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi, bir xil yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.

– Rahbar xalqqa yuk boʻlmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak, – dedi Prezident.

Ikkinchi yoʻnalish adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini taʼminlash vazifalarini qamrab olgan. Shu maqsadda sudlov tizimi va advokatura instituti, huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtiriladi. Tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi. Korrupsiyaga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalari safarbar etiladi. Bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, korrupsiyaning sabablarini oldindan bartaraf etish choralari koʻriladi.

Uchinchi yoʻnalishda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi rejalar bayon etildi. 2030 yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga chiqish maqsad qilingani aytildi.

Bunga, avvalo, xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishiladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlab, inflyasiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari koʻriladi.

Aholini uy-joy va toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, zamonaviy yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo qatnovlarni yaxshilash boʻyicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Toʻrtinchidan, sifatli taʼlim-tarbiya masalasi doimiy eʼtibor markazida boʻlishi taʼkidlandi. Shu maqsadda oʻqituvchilarning oylik maoshini izchil oshirib borish va 2025 yilga borib, 1 ming dollar miqdoriga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlashga qaratilgan Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqiladi.

Aholi salomatligini saqlash uchun barcha sharoit yaratiladi. Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ham 1 ming dollar ekvivalentiga yetkazish moʻljallanmoqda. Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sugʻurta tizimi ishga tushirilib, mablagʻ aniq bemorga bogʻlangan holda ajratiladi. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish muhim vazifa boʻlib qoladi.

Beshinchi yoʻnalishga asosan maʼnaviy va maʼrifiy sohalar rivojlantiriladi. Shu maqsadda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va sanʼatni yuksaltirish, yoshlarni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Oltinchidan, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, ekologik tahdidlarning salbiy taʼsiri ortib borayotgani qayd etildi. Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Yettinchi yoʻnalishda mamlakatimizdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar oʻz ifodasini topgan. Qurolli Kuchlarimizning qudrati yanada oshirilishi, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligi kuchaytirilishi aytildi.

Xalqaro hamkorlikda pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat, iqtisodiy diplomatiya davom ettiriladi. Avvalo, qoʻshni mamlakatlar va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan oʻzaro manfaatli va koʻpqirrali aloqalar kengaytiriladi.

– Prezident sifatida men mamlakatimiz tinchligi, el-yurt farovonligi, Vatan taraqqiyoti yoʻlida butun borligʻimni bagʻishlab, xalqimga sadoqat bilan xizmat qilishni hayotimning maʼno-mazmuni deb bilaman. Men uchun bundan boshqa oliy maqsad, baxt-saodat yoʻq. Siz, qadrli vatandoshlarimning chin dildan qoʻllab-quvvatlashingiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning duolari, aziz yoshlarimizning ishonchi menga katta kuch-gʻayrat beradi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev soʻzining oxirida.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.