2021 yil 25 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalarini eʼlon qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shu munosabat bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi “Humo Arena” majmuasida tadbir oʻtkazdi. Unda partiya faollari va partiyaga xayrixoh insonlar qatnashdi.
Monitorlarda Markaziy saylov komissiyasining saylovning dastlabki natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumani onlayn tarzda namoyish etildi. Dastlabki natijalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovda qatnashganlar umumiy sonining 80,1 foiz ovozi bilan gʻalaba qozongani eʼlon qilindi. Tadbirga yigʻilganlar bu xabarni xursandchilik va olqishlar bilan kutib oldi.
Bu ovozlar xalqimiz oʻz hayotida sezgan natijalar va kelajakka ishonch uchun berilgan, deyish mumkin. Chunki oxirgi besh yilda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida katta masshtabdagi ishlar qilindi. Yangilanish kirib bormagan birorta soha qolmadi. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, hayot talab qilgan maʼmuriy, huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi.
Shu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oshdi. Yalpi ichki mahsulotimiz 60 milliard dollarga yetdi. Oʻrtacha oylik ish haqi 2,2 marta koʻpaydi.
Hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar koʻlamini kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yuzlab korxona va zavodlar, minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻldi. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Amaliy natijadorlik, inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Ijtimoiy yoʻnaltirilgan dasturlar amalga oshirildi. Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, ommaviy axborot vositalari, sport sohalarini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratildi.
Bu ishlarni izchil davom ettirish, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz hayotini yangi bosqichga koʻtarish uchun saylov arafasida Yangi Oʻzbekiston strategiyasi ishlab chiqildi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda uning maqsad-mohiyati tushuntirildi va xalqimiz bunga ishondi.
Tadbirda Shavkat Mirziyoyev soʻzga chiqib, oʻziga bildirilgan yuksak ishonch uchun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
– Shunday ulugʻ xalqning ishonchi men uchun katta baxt! Menga shuncha ishonch bildirib, qoʻllab-quvvatlagani uchun barcha partiyadoshlarimga, yoshlarga, aziz farzandlarimga, munis onalarim va nuroniy otalarimizga taʼzim qilib, rahmat aytaman. Bu ishonch menga kuch bagʻishlaydi. Shu bilan birga, ichki dunyom bilan sezamanki, bu juda katta masʼuliyat va javobgarlik, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hozirgi tahlikali zamonda murakkab sinovlar koʻp boʻlgani, xalqimiz jipslashib, fidoyiligi va mehnatsevarligi bilan ulkan natijalarga erishayotgani qayd etildi.
– Oxirgi besh yilda qanday-qanday sinovlarni boshimizdan oʻtkazdik. Biz bu sinovlarda toblandik. Bir birimizga mehrimiz oshdi. Jipslashdik. Xalqimiz birlashsa, nimalarga qodirligini butun dunyo yana bir marta koʻrdi, – dedi Prezident.
Bu yilgi saylov ilk bor Saylov kodeksi asosida, demokratik ruhda, ochiq-oshkora oʻtgani taʼkidlandi.
– Koʻplab davlatlardan, katta xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar keldi. Ular xohlagan saylov uchastkasiga borib, yaratilgan sharoitlarni, odamlarimiz ertangi kunga befarq emasligini, saylovda faol qatnashganini, oilalari bilan kelib ovoz berganini koʻrdi. Bu xalqimizning ruhiyati, kayfiyati, siyosiy madaniyatidan dalolat. Joylardagi uchrashuvlarda odamlar har bir soha boʻyicha, oʻz shahri yoki tumani boʻyicha dolzarb takliflarni bildirayapti. Tanqidlar ham boʻlayapti. Bu ham hayotimiz oʻzgargani, demokratik islohotlar natijasi. Yana bir marta aytmoqchiman: orqaga yoʻl yoʻq. Endi Oʻzbekiston faqat olgʻa boradi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari barcha xorijiy va mahalliy kuzatuvchilarga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, ommaviy axborot vositalari vakillariga rahmat aytdi.
Prezident saylovida boshqa siyosiy partiyalardan ilgari surilgan nomzodlarga ham minnatdorlik bildirdi.
– Ularning ham niyati – Oʻzbekistonni rivojlantirish. Shuning uchun ularning dasturidagi xalqimizga maʼqul takliflarni albatta inobatga olamiz. Biz kecha raqobat qilgan boʻlsak, endi bir musht boʻlib, harakat qilishimiz kerak. Men xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, orzu-umidlarini ushaltirish, farovon hayotini taʼminlash uchun bor kuch-gʻayratim va salohiyatimni sarflashga vaʼda beraman. Yangi Oʻzbekistonni hammamiz birgalikda quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.