Shavkat Mirziyoyev: Oʻzbekiston va Qozogʻiston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar

0
106
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Nur-Sulton shahridagi «Otan korgʻaushilar» («Vatan himoyachilari”) monumentiga gul qoʻydi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Ushbu yodgorlik Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan qozogʻistonlik jangchilar xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan. Uning balandligi 37 metr. Monument markazida Vatan timsoli — ona tasvirlangan.

Xorijiy davlatlar rahbarlari bu yodgorlikka gul qoʻyib, Qozogʻiston xalqiga hurmat-ehtiromini bildiradilar.

Shuningdek, Oqoʻrda qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev faxriy qorovul oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirdilar.

Soʻng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Samimiyat va ishonch ruhida oʻtgan uchrashuvda yetakchilar koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston sherikligiga doir keng koʻlamli masalalarni, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni koʻrib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

Qozogʻiston Prezidenti davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, Prezident saylovida ishonchli gʻalaba qozongani bilan yana bir bor tabrikladi va kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, ushbu uchrashuvning muhim ahamiyatini alohida qayd etdi.

— Siz Qozogʻistonga davlat tashrifi bilan kelganingizdan juda mamnunmiz. Hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishda ushbu voqea juda muhim. Bugun imzolanadigan hujjatlar sherikligimizga qoʻshimcha surʼat bagʻishlaydi. Mamlakatlarimiz hukumatlariga belgilangan maqsadlarga erishish uchun saʼy-harakatlarni jadallashtirish topshirigʻini berdik. Oʻylaymizki, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashning muhim omili boʻlib xizmat qiladi, – dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Prezidentimiz taklif uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv Qozogʻiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida oʻtayotganini taʼkidladi hamda Oʻzbekiston xalqi nomidan birodar qozoq xalqini ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy tabrikladi, tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va yangi zafarlar tiladi.

Birinchi Prezident – Elboshi Nursulton Nazarboyev boshlagan katta bunyodkorlik ishlari bugungi kunda Qosim-Jomart Toqayev rahbarligida davom ettirilayotgani va Qozogʻiston barqaror taraqqiyot yoʻlidan dadil borayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston yetakchisi ikki birodar davlat oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining rivojlanish surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Oʻzbekiston va Qozogʻiston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini toʻldirib turadi. Oʻzaro savdo ortmoqda. Joriy yilda tovar ayirboshlash rekord daraja — 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Avtomobilda va temir yoʻllari orqali yuk tashish hajmlari oshmoqda. Aviaqatnovlar toʻliq qayta tiklandi, yangi yoʻnalishlar ochilmoqda. Yetakchi korxonalarimiz kooperatsiyani muvaffaqiyatli kengaytirmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida qoʻshma korxona va loyihalar soni 6 barobarga oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani, bunda mamlakatlarimiz hududlari va tadbirkorlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar muhim oʻrin tutayotgani alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Turkiston shahrida Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va Hududlar forumi oʻtdi. Kuni kecha Qozogʻiston poytaxtida qoʻshma biznes-forum muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ushu tadbirlar natijasida jami 6 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Keyingi yillarda qoʻshma korxonalar soni 6 barobarga oshdi. Kostanayda avtomobil, avtobus va qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Turkiston va Chimkentda zamonaviy toʻqimachilik va maishiy texnik korxonalari ishga tushirildi. Oʻzbekistonda qozogʻistonlik hamkorlar bilan birgalikda energetika, sanoat, kimyo, oziq-ovqat tarmoqlari, qurilish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Pandemiya davrida birodar xalqlarimiz bir-biriga yordam berib keldilar.

Gumanitar sohadagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Qozoq kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Shu hafta Qozogʻiston poytaxtida Oʻzbek kinosi kunlari boʻlib oʻtadi.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari oʻz samarasini koʻrsatdi. Ochiq va ishonchli muloqot uchun noyob maydon shakllandi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston BMT, MDH, ShHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

– Bugun ikki tomonlama strategik sherikligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga koʻtarish toʻgʻrisida tarixiy qaror qabul qilamiz. Bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning izchil taraqqiyoti, barqarorligi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega boʻladi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Yetakchilar mintaqa va xalqaro kun tartibining tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuvda davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.