Shavkat Mirziyoyev: Pandemiya Mustaqillik kunida katta yigʻin va sayillar oʻtkazishni cheklashni talab qilmoqda

0
118
marta koʻrilgan.

Kecha  tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha boʻlib oʻtgan  videoselektor yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiyani jilovlash doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib, Mustaqillik bayramini  nishonlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Jumladan, qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatimizda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37 ming 500 kishidan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sogʻaydi va 4 ming nafar  bemorni davolash va oilasi bagʻriga qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday natijalar yurtimiz tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib oʻtdi. Vaziyat ayniqsa Toshkent shahrida ijobiy tomonga oʻzgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar oʻrtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi. Xorijlik ekspertlar asosan ogʻir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ayni haftalar biz uchun sinovli davr boʻladi. Koʻrilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon boʻladi.

Lekin, aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, yaʼni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qatʼiy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur boʻlishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, har birimiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, harakatlarimizda epidemilogik talablarga soʻzsiz amal qilishga odatlanishimiz kerakligi yana bir bor tayinlandi.

Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qatʼiy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish boʻyicha barcha choralarni koʻrib borish topshirigʻi berildi.

Yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomi ham yaqinlashib kelyapti.

Ushbu masalada shifokorlar bilan maslahat qilgan holda shunday xulosaga kelindiki, pandemiya bilan bogʻliq vaziyat bu yil joylarda katta yigʻin va sayillar oʻtkazishni cheklash talabini qoʻymoqda. Shuning uchun ushbu ulugʻ sanani koʻproq oila davrasida nishonlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda ularni sanitariya normalariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.

Ommaviy axborot vositalari va internet tarmogʻida bayram kunlari qiziqarli, yangi formatdagi koʻrsatuvlar, eshittirish va chiqishlar namoyish etish borasida tavsiyalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.