Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat koʻrsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib, oxirgi paytda yurtimizda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi oʻrtasida ham koʻplab roʻy berayotganiga eʼtibor qaratdi.
Jumladan, Toshkent shahrida soʻnggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai nomaʼlum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.
– Bularning barchasi koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini koʻrsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va masʼuliyatni oʻn karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak toʻgʻri boʻladi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta oʻylab, nafaqat oʻzimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi masʼuliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha saʼy-harakatlarimiz yoʻqqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bagʻrikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib oʻtadi.
Respublika maxsus komissiyasiga oʻz faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Aholiga xizmat koʻrsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda boʻladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus boʻyicha muntazam testdan oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.