Shavkat Mirziyoyev pokistonlik ishbilarmonlar bilan uchrashdi

0
84
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi koʻplab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.  

Davlatimiz rahbari xorijiy tashriflari chogʻida bunday uchrashuvlar oʻtkazishga alohida vaqt ajratadi. Bu Oʻzbekistonning hamkorlikka intilishi yuqori ekanini namoyon etib, ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda.  

Uchrashuvda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani, biznes rivojini cheklaydigan toʻsiqlar bartaraf etilgani taʼkidlandi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston bilan Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda tizimli aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmi 5 barobar oshgan. Pandemiya cheklovlariga qaramay yil boshidan beri ushbu koʻrsatkich yana 70 foiz oʻsgan.

Prezidentimiz soʻzining avvalida Pokiston Bosh vaziri bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijalariga toʻxtaldi. 

–  Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz – mahsulotlarni davlatlarimiz oʻrtasida toʻsiqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berish tizimini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday eʼtibor va sharoitlar oʻzaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusida esa 1 milliard dollarga yetkazish  uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.

Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda oʻtgan biznes forumda toʻqimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yoʻnalishlarda umumiy qiymati 800 million dollarlik savdo va investitsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperatsiyasi dasturiga kiritilib, qatʼiy nazoratga olinishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni koʻpaytirishga chaqirdi.

— Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu yerda hukumat aʼzolari, sanoat tarmoqlari masʼullari yigʻilgan. Oʻzbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak boʻlsa, koʻrib chiqishga tayyormiz, — dedi Prezident.

Uchrashuvda hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, turli sohalarda mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.  

Prezidentimiz ishbilarmonlarning rejalarini maʼqullab, barcha tashabbus va shartnomalarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.