Shavkat Mirziyoyev Qarshidagi sanoat loyihalari bilan tanishdi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Qarshi shahridagi “Qavali” kichik sanoat zonasida joylashgan bir qator korxonalar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Sanoat zonasining yer maydoni olti gektar boʻlib, muhandislik infratuzilmasi yaxshi tashkil etilgan, transportga juda qulay. Shu bois ishlab chiqarish jadal rivojlanmoqda.

Hozir bu yerda qurilish materiallari, mebelsozlik, toʻqimachilik, farmatsevtika va charm sanoati yoʻnalishidagi 11 ta loyiha joylashtirilgan. Shundan toʻrttasi ishga tushirilgan boʻlib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Davlatimiz rahbari ulardagi ish jarayonini, mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

“Pegas” korxonasida temirni qayta ishlash, lak-boʻyoq, eshiklar hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu loyihaning qiymati 13 milliard soʻmdan ziyod boʻlib, bu yerda 150 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab yuqori. Keyingi bosqichda qurilish sohasida muhim sanalgan boshqa xomashyolar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yana shuncha yangi ish oʻrni yaratiladi.

“1-son kompleks loyiha qurilish-montaj” xususiy korxonasi ham qurilish materiallariga ixtisoslashgan. Umumiy qiymati 18,5 milliard soʻm boʻlgan mazkur loyiha yiliga qariyb 2 million kvadrat metr profnastil va 250 ming kvadrat metr sendvich panellar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada hozirda 45 kishi mehnat qilmoqda. Mahsulot hajmi ortishi evaziga kelgusida ish oʻrinlari soni ortishi moʻljallanmoqda.

“Karshi W and D Factory” korxonasida 50 turdagi eshiklar, yumshoq va qattiq mebellar ishlab chiqariladi. Bu loyihaga 8,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan. Korxonada 26 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Sanoat zonasida yana yettita investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ular ishga tushsa, yana 725 nafar aholi bandligi taʼminlanadi.

Prezidentimiz shu yerda Xitoy davlatidan keltirilgan zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarni koʻzdan kechirdi. Tadbirkor Narzullo Namozovning aytishicha, 60 oʻrinli avtobuslarga talab yuqori. Qashqadaryoga undan 30 ta olib kelingan, jami 100 taga yetkazish rejalashtirilgan. Kelgusida bunday qulay avtobuslar Qarshi – Shahrisabz va Qarshi – Kitob yoʻnalishlarida qatnay boshlaydi.

Davlatimiz rahbari hunarmand-tadbirkor Dilorom Quvvatova bilan ham muloqot qildi. Uzoq yillar xorijda ishlagan bu ayol tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni eshitib, yurtimizga qaytib kelgan. Bugun uning boshchiligida tikilayotgan koʻrpa-yostiq, toʻn va boshqa mahsulotlar vohada xaridorgir.

D.Quvvatova tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunligini, kelgusida ish oʻrinlarini 300 taga yetkazishni maqsad qilganini aytdi.

Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2024 yilga moʻljallangan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, kelgusi yil toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoya va kreditlar evaziga jami 4 milliard dollarlik 36 ta yirik loyiha, 656 million dollarlik 114 ta hududiy loyiha shakllantirilgan. Ular neft-gaz, kimyo, toʻqimachilik, charm-poyabzal va qurilish sanoati, turizm, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida boʻlib, asosan, mahalliylashtirish va qayta ishlashdagi boʻshliqlarni toʻldirishga qaratilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.