Shavkat Mirziyoyev Qoʻqonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari bilan tanishdi

0
517
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Qoʻqon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan ushbu erkin iqtisodiy hudud qariyb 710 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda mashinasozlik, toʻqimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 94 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda 52 million dollarlik 29 ta loyiha foydalanishga topshirilgan, 1 ming 700 ga yaqin ish oʻrinlari tashkil etilgan. Joriy yilning sakkiz oyida erkin iqtisodiy zona rezidentlari tomonidan jami qiymati 407 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,3 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.

«Shaffof omadli sanoat» qoʻshma korxonasi davlatimiz rahbarining joriy yil maydagi tashrifi asnosida ishlab chiqilgan Fargʻona viloyatini 2019-2020 yillarda rivojlantirish boʻyicha hududiy investitsiya dasturi doirasida tashkil etilgan.

Bu yerda yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. 

Hisob-kitoblarga koʻra, bu yilga 20 million dollar miqdoridagi import oʻrnini toʻldirish imkonini beradi. Shuningdek, qoʻshni davlatlarga 60 million dollarlik mahsulot eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Mazkur korxonada kelgusi yildan yuk tashuvchi karalar, 2021 yildan elektromobillar ishlab chiqarish moʻljallanmoqda. 

Prezident elektromobillarning iqtisodiy samaradorligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSH dollari boʻlib, shundan 24 million dollari xorijiy investitsiyadir.

Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimizda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida boʻladi. Ular neft mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda «Qoʻqon» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi, fargʻonalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.