Shavkat Mirziyoyev: Qurish va yashash madaniyatimiz oʻzgarishi kerak

0
115
marta koʻrilgan.

Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020 yil juda ogʻir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar roʻy berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni oʻz nazoratiga olgan edi. “Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi”, degan edi Prezident oʻshanda.

Shunday ham boʻldi. Avvalo, eng katta ogʻirlikni davlatimiz rahbari oʻz yelkasiga oldi. Talafot oqibatlarini bartaraf etib, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh boʻldi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad boʻldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablagʻi, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.

Sardoba suv ombori toʻgʻonining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari oʻshanda bu ahvolni koʻrib, vayron boʻlgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga vaʼda bergan edi.

Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Doʻstlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13 oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasiga tashrif buyurdi.

— Suv toshqini juda katta talafot boʻldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi oʻzi boʻlmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan taʼminlashga erishdik. Eng katta masala — odamlarning koʻnglidagi gʻashlik ketdi, ular rozi boʻldi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ilgari bu joylardagi koʻp uylarda tabiiy gaz yoʻq edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan taʼminlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham oʻzlarida qoldi.

Davlatimiz rahbari oʻsha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta eʼtibor qaratdi.

— Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpogʻiston va har bir viloyatning oʻz koʻchasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli boʻlsak, koʻp ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Koʻp qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla «Yangi Oʻzbekiston» deb nomlangan.

— «Yangi Oʻzbekiston» deyilganida ham maʼno bor. Agar xalqimizga maʼqul boʻlsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish oʻrinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz oʻzgarishi kerak, — dedi Prezident.

Yangi mavzeda mahalla guzari, doʻkon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat koʻrsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.

Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.