Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Mamin hamrohligida Nur-Sulton shahridagi EXPO ishbilarmonlik markazida joylashgan Raqamli hukumat ofisiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu muassasa joriy yil sentyabr oyida ochilgan. Uning tarkibiga Milliy tahlil markazi, Raqamli transformatsiya markazi va Milliy loyiha ofisi kiradi.
Davlatimiz rahbari situatsion markaz imkoniyatlari bilan ham tanishdi. Markaz barcha maʼlumotlar bazalariga ulanadi va hududlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, bu esa real vaziyatni onlayn ravishda koʻrish, masalan, mamlakatda emlash surʼatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kuzatib borish imkonini beradi.
Ichki va tashqi savdo boʻyicha tahliliy platforma imkoniyatlari namoyish qilindi. Uning yordamida oziq-ovqat narxlarini onlayn ravishda monitoring qilish va narx-navoning prognoz koʻrsatkichlarini shakllantirish mumkin. Bundan tashqari, ofis negizida innovatsiyalar va aerokosmik sanoat sohalaridagi loyihalar ishga tushiriladi.
Ofis mutasaddisi Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, IT-parklar tashkil etish, dasturchilar tayyorlash, davlat xizmatlarini onlayn koʻrsatish boʻyicha qilinayotgan ishlarni eʼtirof etib, Qozogʻiston ham shu yoʻldan borayotganini aytdi.
Davlatimiz rahbari bu sohada tajriba almashish, davlat xizmatlari sohasiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, har bir hayotiy vaziyatni tahlil qilib, odamlarga qulaylik yaratish muhimligini taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonga davlat tashrifini yakunlab, mamlakatimizga qaytib keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi munosabatlari ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgani tarixiy voqea boʻldi.
Umuman, ikki tomonlama hamkorlikning turli sohalariga doir 22 ta hujjat imzolandi.