Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Moʻgʻuliston Prezidenti bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar

0
105
marta koʻrilgan.

 15-16 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi boʻlib oʻtadi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni Samarqandga keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi. Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ham ziyorat qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun 14 sentyabr kuni Samarqand shahriga keldi.

Oliy martabali mehmonni aeroportda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Soʻng Moʻgʻuliston Prezidenti Hazrati Xizr majmuasiga kelib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabriga gul qoʻydi va xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Uxnaagiyn Xurelsux sammit doirasida xorijiy davlatlar rahbarlari bilan ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, Moʻgʻuliston 2004 yildan beri Shanxay hamkorlik tashkiloti huzuridagi kuzatuvchi davlat hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy tabrikladilar.

Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston munosabatlarini faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki mamlakat Prezidentlari joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan birinchi qoʻshma biznes-forum yakunlarini yuqori baholadilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Buning uchun zaror shartnomaviy-huquqiy asoslarni shakllantirish, qoʻshma kooperatsiya, eng avvalo, agrosanoat sohasida aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlar va hududlararo aloqalarni kengaytirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Moʻgʻuliston Prezidenti Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi samarali raisligini qayd etib, sammit muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat zrtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarga tizimli tus berish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.