Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 19 fevral kuni Namangan shahridagi «Saxovat» uyini borib koʻrgan, nuroniylar uchun yangi bino qurilishiga vaʼda bergan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shundan soʻng bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. 120 oʻrinli yangi «Saxovat» uyi binosi, 4 ta kottej qurildi. Maʼmuriyat va xoʻjalik binolari taʼmirlanib, elektr energiyasi, suv, isitish tarmoqlari yangilandi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatga navbatdagi tashrifi chogʻida u yerga yana borib, keksalar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
«Saxovat» uyida har bir yashovchi uchun alohida xona ajratilgan boʻlib, xonalar televizor, muzlatgich, mebel bilan jihozlangan. Oshxona, muolaja va fizioterapiya xonalari, suv havzasi, trenajyor zali bir binoda joylashgani keksalarga qulaylik yaratgan. Nuroniylar vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun dam olish joylari, kutubxona tashkil etilgan.
Ziyoratlarga borish uchun «Saxovat» uyiga Prezident sovgʻasi – «Isuzu» avtobusi ham berilgan.
Davlatimiz rahbari nuroniylar bilan dildan suhbatlashdi.
— Oʻtgan safar Xudo koʻnglimga solib, sizlarning oldingizga kelgan edim. Toshkentga borib ham, hurmatingizni joyiga qoʻyish haqida koʻp oʻyladim. Axir, davlat rahbari sifatida sizlarga sharoit yaratib berish — mening vazifam. Bugun mana shunday yangi sharoitlaringizni koʻrib, ogʻiringiz yengil boʻlganini his qilib, oʻzimni baxtiyor sezayapman. Sizlar hayotdan rozi boʻlsalaringiz, Alloh bizdan rozi boʻladi, yurtimiz tinch, ishimizda baraka boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniy ota va onaxonlar yaxshi sharoitlar, inson qadriga eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Fargʻonaga joʻnab ketdi.