Shavkat Mirziyoyev: “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati – davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyonidir!

0
169
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining toʻliq ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Unda aholining ijtimoiy himoyasi hamda qurilish va infratuzilma tarmoqlari faoliyati masalalari muhokama qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda koronavirus epidemiyasiga qarshi oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida koʻplab hududlar bu xavfdan saqlab qolindi. Shunga qaramay, aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar oʻz ishini toʻxtatgan yoki toʻliq quvvat bilan ishlamayapti. Bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy taʼsir qilmoqda.

Davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan taʼminlash koʻlamini yanada kengaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va koʻmakka muhtoj aholi soni ortishi tabiiy. Turli mamlakatlar kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyotni keskin tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Butun dunyoda boʻlgani kabi bu murakkab jarayon Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Albatta, xalqimizni taʼminlash uchun ham, iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun ham mamlakatimizning zaxiralari va imkoniyatlari yetarli.

Shu bois Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi.

– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam koʻrsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor oʻzi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qoʻni-qoʻshnilarini faol qoʻllab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli boʻladi, iftorliklarga sarflanadigan mablagʻlar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam taʼminlangan qatlamlariga yoʻnaltiriladi.

Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga koʻmaklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar aʼzolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan oʻz navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit toʻlovlari,  zarur resurslar bilan taʼminlash boʻyicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Yaʼni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali koʻrsatiladigan saxovat va koʻmak boʻladi.

Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy boʻlinmalari, fermerlar va klaster xoʻjaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi taʼkidlandi.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi boʻlimlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

“Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, — dedi Prezidentimiz.

Mavzuni davom ettirar ekan, davlatimiz rahbari Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini koʻrish boʻyicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan obyektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda tashkil etiladi.

Aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash borasida katta imkoniyatlarga ega “drayver”lardan biri qurilish sohasi hisoblanadi. Xususan, bu tarmoq 1 million 325 ming nafar aholini ish bilan taʼminlaydi, boshqa sanoat yoʻnalishlari uchun ham talab yaratadi. Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bu sohaga qoʻshimcha 3,6 trillion soʻm mablagʻ ajratildi.

Joriy yilning birinchi choragida qurilish ishlari hajmi 6,5 foizga oʻsgan boʻlsa-da, oʻtgan yilning shu davridan 4 foizli bandga orqada qolmoqda.

Yigʻilishda qayd etilganidek, karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda 30 ming xonadonli koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin 25 ta shaharda buning uchun yer maydonlari haligacha ajratilmagan. Ipoteka krediti olish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqishda ham sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.

Yigʻilishda bu kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish, koʻp qavatli uylar uchun yerni aholi talablari yuqori boʻlgan hududlardan ajratish zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.

Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga uzaytirish, shuningdek, ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini bozor talablari asosida koʻpaytirish kerakligi qayd etildi.

Qurilish sifatini oshirish, soha korxonalari faoliyatini baholash reytingi va elektron tender tizimini ishga tushirishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda qurilish materiallari bozori bilan bogʻliq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. 

Karantin davrida mazkur industriya korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 30-40 foizga kamaygan. Oʻz navbatida, xomashyo mahsulotlari ham sotilmay qolgan.

Shundan kelib chiqib, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga birinchi yarim yillikda mahsulot ishlab chiqarishni 10 trillion soʻm va yil oxirigacha 22 trillion soʻmga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Bu koʻrsatkichlarni taʼminlashda eksport bozorlari asosiy imkoniyat hisoblanadi.

Import oʻrnini bosuvchi mahalliy qurilish iateriallari ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda buning uchun zarur xomashyo olish mumkin boʻlgan 275 ta istiqbolli kon mavjud. Misol uchun, Gʻozgʻonda 52 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Prezidentimiz konlarni oʻzlashtirish orqali shunday samarali loyihalarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Joriy yilda energiya tejamkor qurilish materiallari tayyorlash boʻyicha 7 ta loyihani ishga tushirish, kelgusidagi obyektlarni loyihalashda ushbu mahsulotlardan foydalanishni nazarda tutish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Karantin davrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasidan qoʻshimcha 1,5 trillion soʻm, xususan, suv taʼminoti boʻyicha 55 ta loyihaga 500 milliard soʻm va yoʻl qurilishi boʻyicha 1 ming 547 ta loyihaga 1 trillion soʻm mablagʻ ajratildi.

Yigʻilishda bu loyihalarning ijrosi ham koʻrib chiqildi. Pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini tez fursatlarda boshlash muhimligi qayd etildi.

Pandemiya sababli xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari ishtirokidagi loyihalar ham toʻxtab qolgan edi. Xususan, ichimlik suvi tizimini yaxshilash hamda yoʻl qurilishi sohasida shunday muammolar mavjud.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, bunday loyihalarga tender orqali mahalliy pudrat tashkilotlarini ham jalb qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Davlatimiz tomonidan mahalliy byudjetlar daromadini oshirish, xususan, yoʻl qurilishi uchun mablagʻlarni shakllantirishga barcha sharoitlar yaratib berildi. Endi hududlar respublikadan mablagʻ kelishini kutib oʻtirmasdan, ichki yoʻllarni oʻzlari taʼmirlashlari zarurligi aytib oʻtildi.

– Umuman olganda, uy-joy qurilishi boʻladimi yoki infratuzilma obyektlarimi, qurilish sohasi yangi ish oʻrinlarini yaratish, bozorda talab va taklifni shakllantirish, pirovardida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun katta imkoniyat va zahira hisoblanadi. Tarmoq rahbarlari bugungi yigʻilishda oʻzlariga yuklatilgan masʼuliyatni chuqur his etib, ishlarni toʻgʻri tashkil etsalar, iqtisodiy inqirozdan imkon qadar kam yoʻqotishlar bilan chiqib ketamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari qaysi sohani muhokama qilmasin, qanday qarorga qoʻl qoʻymasin, eng avvalo bu oddiy odamlarga nima beradi, degan nuqtai nazardan qarab ish tutadi. Bugungi videoselektorda berilgan topshiriqlar, belgilangan vazifalar ham odamlarni ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish, bunyodkorlik ishlarini davom ettirib, yurtimizni yanada farovon qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.