Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni oila aʼzolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida ishtirok etdi.
Saylash va saylanish fuqarolarning eng asosiy siyosiy huquqlaridan biri. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida bu boradagi tenglik va erkinlik kafolatlangan.
Oxirgi besh yilda milliy saylov qonunchiligimiz takomillashtirildi hamda saylovlarni oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bu yilgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida oʻtmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 14 ta saylov okrugi va 10 ming 761 ta saylov uchastkasi tuzildi.
Saylovda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya ishtirok etmoqda. Buning uchun ularga teng va erkin sharoit yaratildi.
Bu yilgi jarayonlar mamlakatimizda demokratiya rivojlangan, aholining siyosiy faolligi yanada oshgan muhitda oʻtdi. Partiyalar oʻrtasida ham, saylovchilar oʻrtasida ham qizgʻin bahs, muhokamalar boʻldi. Nomzodlar bir birining saylovoldi dasturiga tanqidiy munosabat bildirdi. Ularning vakillari oʻrtasida teledebatlar boʻlib oʻtdi.
Saylovni qariyb ellikta davlat va yigirmaga yaqin nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 971 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda. Saylov jarayonlarida oshkoralikni taʼminlash va xabardorlikni oshirish maqsadida 1 ming 700 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.
Prezident saylovi mamlakat kelajagi uchun muhim siyosiy voqeadir. Fuqarolar buni chuqur his etib, saylovda faol ishtirok etmoqda.
Manbaa: OʻzA