Shavkat Mirziyoyev: Shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak

0
134
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 1 iyun kuni Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron koʻchalari kesishmasida transport bogʻlamasi qurish loyihasini maʼqullagan edi. Bugun bu yerdagi ishlar yakuniy bosqichga kirdi. 

Mazkur transport bogʻlamasi muhandislik yechimiga koʻra noyob boʻlib, uch qavatdan iborat. Ohangaron shossesi boʻylab umumiy uzunligi 502 metr tunnel, Maxtumquli koʻchasi boʻylab 411 metrlik estakada, chorrahaning halqa qismida har biri 29 metrlik ikkita yoʻl oʻtkazgich qurilmoqda. 

Bu yoʻl va koʻpriklar transportlarning toʻxtovsiz harakatlanishini taʼminlab, tirbandlikni bartaraf etadi. Uni joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Shu yerda Toshkent yer usti halqa metro liniyasi qurilishi boʻyicha ham maʼlumot berildi. Umumiy uzunligi 52 kilometrdan ziyod boʻlgan mazkur yoʻl besh bosqichda quriladi. Bugungi kunda «Doʻstlik» metrosidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan yoʻnalish barpo etilmoqda.

— Shahar aholisining koʻp qismi va poytaxtimizga kelganlar jamoat transportidan foydalanadi. Lekin hozircha toʻla qulaylik taʼminlanmagan. Odamlarning noroziligi shundan. Mana, qancha uylar qurilyapti, shahar rivojlanyapti, yana rivojlanadi. Shularni inobatga olib, shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

 Davlatimiz rahbari ushbu yer usti liniyasini Toshkent metropoliteni va avtobuslar yoʻnalishlari bilan oqilona inegratsiyalash, yuklamadan kelib chiqib aholiga qulayliklarni oshirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Manba: president.uz

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.