Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga milliy bayram — XXR tashkil topgan kun munosabati bilan tabrik yoʻlladi. Davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga mustaham sogʻlik, oilaviy baxt va katta muvaffaqiyatlar, doʻst Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
“Xitoyning global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, yangi tahdid va xatarlarga, shu jumladan iqlim oʻzgarishi va COVID-19 pandemiyasiga qarshi samarali kurashishdagi faol saʼy-harakatlari va salmoqli hissasi eng yuksak eʼtirofga munosib.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, ishonch va qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Oʻrtamizdagi doʻstona, oʻzaro ishonchga asoslangan mustahkam shaxsiy munosabatlarimizni chin dildan eʼzozlayman. Sizning koʻp qirrali Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligiga qaratayotgan alohida eʼtiboringizni yuksak qadrlayman.
Ishonchim komil, Sizning boʻlajak davlat tashrifingiz va Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi sammitida ishtirokingiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi”, — deyiladi maktubda.